Yevropa Rossiyaning ehtimoliy “zarba”siga tayyorlanmoqda

Olam

image

Yevropa komissiyasi Rossiya gazining ittifoq mamlakatlariga importi butunlay to‘xtatilgan taqdirda ko‘riladigan chora-tadbirlar rejasini tayyorlamoqda. Bu haqda Energetika bo‘yicha Yevropa komissari Kadri Simson “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Biz YeIga a’zo har qanday davlat keyingi [gaz ta’minotidan uzilishi] mumkin bo‘lgan vaziyatga duch keldik”, deydi Yevropa komissari.

Qayd etilishicha, “Gazprom” allaqachon Polsha, Bolgariya va Finlyandiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ygan, chunki ular hisob-kitoblarda rublga o‘tishdan bosh tortgan.

Yevropa Rossiyadan gaz importini butunlay to‘xtatishga tayyorlanmoqda

Yevrokomissiya tomonidan ishlab chiqilgan rejalar bilan tanish bo‘lgan nashr manbalarining aniqlik kiritishicha, gap iste’molning 27 foizini tashkil etuvchi sanoat korxonalariga gaz yetkazib berishni uy xo‘jaliklari foydasiga stavkalash haqida ketmoqda.

Simsonning tushuntirishicha, Yevropa Ittifoqi imkon qadar ko‘proq gaz jamg‘arishga va Rossiyadan yetkazib berilayotgan ta’minotni muqobiliga almashtirishga harakat qilmoqda. Bu yil YeI rekord hajmdagi suyultirilgan gazni oldi, bu esa yer osti rezervuarlarini to‘ldirish imkonini bergan: 25 mayga qadar ular bir yil avvalgi 36 foizga nisbatan 44 foizga to‘ldirilgan.

Yevropa komissari Rossiya gaz importining uchdan ikki qismini muqobil yetkazib berish bilan almashtirishi mumkinligini aytgan.

“Ukrainadagi urushdan oldin Yevropa Ittifoqiga yetkazib beriladigan gazning 40 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Endi bu ulush 26 foizga tushib ketdi va YeI o‘z oldiga yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 13 foizga kamaytirishni maqsad qilib qo‘ydi”, deydi Simson.

Uning aytishicha, Bryussel AQSH va Norvegiyadan ko‘proq gaz kutmoqda, shu bilan birga yangi yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib boryapti. 

“Biz Misr va Isroil bilan ishlayapmiz va ular bilan yozgacha ikki tomonlama kelishuvlarga erishishga umid qilamiz. Biz Jazoir bilan energiya bo‘yicha muloqotimizni davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz”, deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing