Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to‘rtinchi paketini e’lon qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasining Ukraina va uning xalqiga nisbatan tajovuziga javoban Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to‘rtinchi paketini joriy qilmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya saytida xabar berildi.

Yangi cheklovlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kutilmoqda:

•    Rossiyaning ayrim davlat korxonalari bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlari, shu jumladan harbiy-sanoat kompleksiga kiritilgan operatsiyalarni taqiqlash;

•    Rossiyani 3,3 milliard yevroga yaqin eksport daromadidan mahrum qiladigan bir qator po‘lat mahsulotlari importini taqiqlash;

•    Rossiya energetika sektoriga yangi investitsiyalarni taqiqlash (Fuqarolik atom energetikasi bundan mustasno);

•    jismoniy shaxslar va kompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish, dezinformatsiya kampaniyasida faol ishtirok etayotganlar ro‘yxatini shakllantirish;

•    Rossiyaga hashamatli tovarlarni, shu jumladan avtomobillar va zargarlik buyumlarini eksport qilishni taqiqlash;

•    Yevropa reyting agentliklariga Yevropa Ittifoqi moliya bozorlariga kirishni murakkablashtirish maqsadida Rossiya va Rossiya kompaniyalariga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash.

Eslatib o‘tamiz, AQSH ham Rossiyaga boylar ehtiyoji uchu hashamatli mahsulotlarni yetkazib berishni taqiqlagan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

60

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing