Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tasdiqladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya armiyasining Ukrainadagi harbiy amaliyotlari davom etayotgani sababli Rossiya va Belarusga qarshi yangi sanksiyalarni tasdiqladi. Bu haqda Fransiyaning Yevropa Ittifoqiga raisligi saytida e’lon qilingan xabarda aytiladi. 

Tegishli qaror Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar vakillarining yig‘ilishida qabul qilingan. 

“Choralar Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilganidan keyin kuchga kiradi”, deyiladi xabarda. 

Yangi sanksiyalar Rossiyaning Ukrainaga hujumida ishtirok etgan bir qator rossiyalik amaldorlar, oligarxlar va ularning oilalari aktivlarini muzlatishdan iborat. Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatidan joy olgan shaxslarga nisbatan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirish taqiqlangan. 

Bundan tashqari, sanksiyalar Belarusga ham ta’sir qildi. Shunday qilib, 3 ta Belarus banki SWIFT xalqaro pul o‘tkazmalari tizimidan chiqarildi. 

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kriptovalyuta bozoriga ta’sir qiladi. 

Qolaversa, bir qator mahsulotlar va texnologiyalarni Rossiyaga olib kirishni taqiqlash ham joriy etilgan. Rossiya yuk tashishlariga ham sanksiyalar joriy qilingan. 

Ayni paytda Rossiya Qurolli Kuchlarining Ukrainadagi harakatlari bilan bog‘liq holda Yevropa Ittifoqining uchta sanksiya paketi mavjud.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 mart kuni ertalab Putin sanksiyalar ostidagi fuqarolar va biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.

Avvalroq, 7 mart kuni esa Rossiya Federatsiyasi Vazirlar Mahkamasi Rossiyaga, uning kompaniyalari va fuqarolariga nisbatan nodo‘stona harakatlarni amalga oshiruvchi xorijiy davlatlar va hududlar ro‘yxatini tasdiqlagan edi

Ro‘yxatga AQSH va Kanada, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya (jumladan, Jersi, Angilya, Britaniya Virjiniya orollari, Gibraltar), Ukraina, Chernogoriya, Shveysariya, Albaniya, Andorra, Islandiya, Lixtenshteyn, Monako, Norvegiya, San-Marino, Shimoliy Makedoniya, shuningdek, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Mikroneziya, Yangi Zelandiya, Singapur va Tayvan kiritilgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

31

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing