Yetti kunda Ukrainaning qancha aholisi “qirildi”

Olam

image

Urushning yetti kunida harbiy xizmatchi hisoblanmagan 2000 nafarga yaqin ukrainalik halok bo‘lgan. Bu haqda Favqulodda holatlar bo‘yicha davlat xizmati ma’lum qildi.

“Urushning yetti kunida Rossiya yuzlab transport infratuzilmasi ob’ektlarini, turar-joy binolarini, shifoxonalar va bolalar bog‘chalarini vayron qildi. Bu vaqt ichida himoyachilarimizni hisobga olmaganda, 2000 dan ortiq ukrainalik halok bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Favqulodda holatlar bo‘yicha davlat xizmati 150 dan ortiq odamning hayotini saqlab qolish, dushman o‘q otishidan keyin yuzaga kelgan 400 dan ortiq yong‘inni bartaraf etish, 500 dan ortiq odamni evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lgan. Pirotexniklar tomonidan 416 dona portlovchi moddalar zararsizlantirilgan.

“Vazifalarni bajarish chog‘ida 10 nafar qutqaruvchi halok bo‘ldi, 13 nafari yaralandi”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya Qurolli kuchlari safidan 5840 kishini yo‘qotdi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy harakatlar boshlanganidan buyon Rossiya Qurolli kuchlarining 30 ta samolyot va 31 ta vertolyoti, shuningdek, 9 ta havo mudofaa tizimi, 40 ta raketa tizimi va yuzlab harbiy texnikasi urib tushirilgan.

Ukrainaning yo‘qotishlari

Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlangandan beri Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Ukraina Qurolli Kuchlari harbiy infratuzilmasining 1502 ta ob’ektini ishdan chiqargan.  

Hammasi bo‘lib, operatsiya davomida Ukraina harbiy infratuzilmasining 1502 ob’ekti yaroqsiz holga keltirildi. Ular orasida Ukraina qurolli kuchlarining 51 ta qo‘mondonlik punkti va aloqa markazlari, 38 ta S-300 havo mudofaasi raketa tizimlari, “Buk M-1” va “Osa” zenit-raketa komplekslari, 51 ta radar stansiyalari bor.

Unga ko‘ra, yerdagi 47 ta samolyot va havoda 11 ta samolyot, 472 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnika, 62 ta reaktiv raketa tizimi, 206 ta dala artilleriya va minomyotlari, 336 ta maxsus harbiy texnika, 46 ta uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilingan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing