YeIning Rossiyaga qarshi beshinchi sanksiya paketi qanday bo‘lishi aytildi 

Olam

image

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi beshinchi sanksiya paketi samolyot lizingiga, aviatsiya yoqilg‘isi, po‘lat mahsulotlari va hashamatli buyumlar eksporti va importiga cheklovlarni o‘z ichiga oladi. Bu haqda CNBC ikki manbaga tayanib xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ustida ish hali ham davom etmoqda va cheklovlar tarkibi o‘zgarishi mumkin. 

Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabekga ko‘ra, yangi cheklovlar moliyaviy sektor va texnologik mahsulotlarga ta’sir qilishi mumkin. 

Nashr, shuningdek, YeI asosiy masala – Rossiyadan energiya tashuvchi importiga cheklovlarni kiritish bo‘yicha hali kelishuvga erishgani yo‘q, deb xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, bir qator Yevropa Ittifoqi davlatlari bunday yetkazib berishga embargo qo‘llanilishiga rozi emas, birinchi navbatda, ular Rossiya gazidan voz kechishga tayyor emas. 

“Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bosimni kuchaytirishimiz va Rossiyani izolyatsiya qilishimiz kerak – biz Rossiya bilan barcha iqtisodiy aloqalarni uzishimiz kerak, ammo hozirda gaz ta’minotini rad etishning iloji yo‘q”, degan Germaniya Moliya vaziri Kristian Lindner. 

Avstriya Moliya vaziri Magnus Bryunner telekanalga bergan intervyusida, “Biz Rossiya gaziga juda bog‘liqmiz. Neft va gazga qarshi sanksiyalarga qarshimiz”, deb aytgan. 

“Reuters” agentligi joriy yilning mart oyida Yevropa Ittifoqining beshinchi sanksiyalar paketi bo‘yicha xabar bergan. Shu bilan birga, agentlik Rossiya neftini yetkazib berishga embargo qo‘yish muhokama qilinayotganini yozgan. Biroq aprel oyi boshida Yevropaning iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissari Paolo Jentiloni yangi sanksiyalar energetika sohasiga ta’sir qilmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI birinchi navbatda joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyatini cheklash ustida ishlamoqda. 

Jentiloni Rossiyaga qo‘yilgan cheklovlar Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotining ham o‘sishini sekinlashtirishini tan olgan, biroq 2021 yildagi yutuqlar 2022 yilda barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishga yordam berishini taxmin qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Vazirlar Mahkamasining Qonunchilik faoliyati bo‘yicha komissiyasi kecha, 4 aprel kuni Hukumat xorijiy sanksiyalarni mamlakat hududida amalga oshirish uchun jinoiy javobgarlik joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llashi haqida xulosa bergandi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing