YeI Rossiyaning 21 aviakompaniyasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Olam

image

Yevrokomissiya (YeK) Rossiyaning 21 aviakompaniyasini, jumladan “Aeroflot”, “Rossiya”, “Pobeda” va “Utair” aviakompaniyalarini aviatsiya xavfsizligi “qora ro‘yxat”iga kiritdi. Bu haqda YeKning dushanba kuni tarqatilgan xabarida aytiladi.

“Qora ro‘yxat”ga kiritilgan kompaniyalarga Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aeroportlari va uning hududi orqali uchishi taqiqlangan. Bryussel bularning barchasini Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga hujumi munosabati bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalari doirasida allaqachon taqiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi beshta sanksiyalar paketini qabul qildi. So‘nggi paketga:

•  Rossiya kemalarining Yevropa portlariga kirishini taqiqlash;

•  yoz oxirida kuchga kiradigan Rossiya ko‘miriga embargoni tasdiqlash;

•  Yevropa Ittifoqi hududida yuklarni avtomobil transportida, shu jumladan tranzit orqali tashishga to‘sqinlik qiladigan har qanday Rossiya va Belarus avtotransport kompaniyalariga taqiq o‘rnatish; 

•  Rossiya Federatsiyasiga reaktiv yoqilg‘i, kvant kompyuterlari, yarim o‘tkazgichlar, dengiz mahsulotlari va spirtli ichimliklarni olib kirishni taqiqlash.

•  Dengiz mahsulotlari va spirtli ichimliklarni olib kirishni taqiqlash.

•  Mamlakatning to‘rtta asosiy banki uchun tranzaksiyani taqiqlab, aktivlarini muzlatish. 

•  Rossiya va Belarusdagi yuridik shaxslarga Yevropa Ittifoqi davlatlarining valyutalaridagi banknotlar va qimmatli qog‘ozlarni sotishni taqiqlash va kriptovalyutalar bilan operatsiyalar uchun taqiqlarni kengaytirish; 

•  Rossiya Federatsiyasi va Belarus mansabdor shaxslari, tadbirkorlar va ularning oila a’zolari kiritilgan “qora ro‘yxat”ni kengaytirish kiritildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

7

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing