Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi

Olam

image

Yaponiya parlamentining yuqori palatasi Rossiya Qurolli kuchlarining Ukrainaga hujumini keskin qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi. Hujjatda aytilishicha, Rossiyaning Ukrainaga hujumlari xalqaro huquq va BMT Nizomiga ziddir. 

“Rossiya Qurolli kuchlarining Ukrainadagi harakatlari ushbu mamlakatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini ochiqdan-ochiq buzish hisoblanadi”, deyiladi rezolyutsiyada. 

Yaponiya parlamentariylari status-kvoni o‘zgartirish uchun bir tomonlama kuch ishlatishga qarshi chiqdi va Rossiya harbiylarining hujumlarini zudlik bilan to‘xtatib, ularni Ukrainadan olib chiqib ketishga chaqirdi. 

Rezolyutsiyada Ukraina xalqi bilan birdamlik tarafdori ekanligi ta’kidlangan va Yaponiya hukumatidan inqirozga sanksiyalar orqali tez va qat’iy javob berish talab qilingan. 

Hujjatda Rossiya Qurolli kuchlarining Ukrainaga hujumi “nafaqat Yevropada, balki Osiyoda ham xalqaro jamoat tartibi asoslarini siljitishi mumkin bo‘lgan o‘ta jiddiy vaziyat” sifatida tasvirlangan. 

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasining aytishicha, Tokio parlament rezolyutsiyasi ma’qullanganidan keyin “Katta yettilik davlatlari bilan hamkorlikda Rossiyaga qattiq sanksiyalar bilan javob beradi”. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

18

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing