“Yangi Chernobilni xohlamaymiz”. Guterrish, Erdo‘g‘an va Zelenskiy kelishib oldi
Olam
−
18 avgust 2022
10312Bugun, 18 avgust kuni Lvov shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pototskix saroyining matbuotga yopiq eshiklari ortida o‘tgan uchrashuv 40 daqiqa davom etgan. Shundan so‘ng, Erdo‘g‘an, Zelenskiy va Guterrish ishtirokida qo‘shma mutbuot anjumani bo‘lib o‘tgan.
Chernobil fojisini yana boshdan kechirishni xohlamaymiz – Erdo‘g‘an
“Biz Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi harbiy harakatlardan xavotirimizni bildirdik. Biz boshqa Chernobil fojisini boshdan kechirishni xohlamaymiz”, deydi Turkiya yetakchisi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, uch tomonlama sammitda Istanbul konsensusi yaratgan ijobiy muhitni mustahkam tinchlikka aylantirish imkoniyatlari ham baholangan.
“Biz xalqaro hamjamiyat diplomatik jarayonni jonlantirish uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladik. Men urush oxir-oqibat muzokaralar stolida tugashiga ishonaman. Aslida, janob Zelenskiy va Guterrish bu borada hamfikr. Biz muzokaralar stoliga olib boradigan eng qisqa va adolatli yo‘lni aniqlashimiz kerak”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya Ukrainadan kelgan 325 ming qochqinga, jumladan 1099 nafar yetim bolalarga boshpana bergan.
“Xalqaro hamjamiyat Ukraina inqirozini hal qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerak”, deydi Erdo‘g‘an.
Sog‘lom fikr ustun bo‘lishi kerak – BMT Bosh kotibi
Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, Zaporoje AES bilan bog‘liq vaziyatda stansiya xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish uchun sog‘lom fikr ustun bo‘lishi kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti MAGATE inspektorlarining Zaporoje AESga tashrifini faqat missiya Kiyev orqali u yerga borgan taqdirdagina qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
“Yelenovka faktlarni aniqlash missiyasi rahbari etib Braziliya vakili tayinlanadi. BMT Yelenovkadagi SIZO hududiga xavfsiz kirish uchun harakat qilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi BMT Bosh kotibi.
Uning qayd etishicha, Rossiya va Ukrainadan oziq-ovqat hamda o‘g‘it eksportini davom ettirish bozorlarni barqarorlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumot uchun, uch tomonlama muzokaralar oldidan Zelenskiy va Guterrish hamda Zelenskiy va Erdo‘g‘an o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ukraina yetakchisi Guterrishga BMT Zaporoje AES xavfsizligini ta’minlashi, uni qurolsizlantirish va rus qo‘shinlaridan to‘liq ozod qilinishini ta’minlashi kerakligini bildirdi. Erdo‘g‘an bilan esa g‘alla eksporti va mudofaa sohasidagi hamkorlik masalalari haqida suhbatlashdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi