Yana bir davlat Rossiya va Ukraina mojarosiga aralashmoqchi

Olam

image

Saudiya Arabistoni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor. Bu haqda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Ferxon As-Saud ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bin Ferxon Saudiya Arabistonida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va unga hamrohlik qilayotgan delegatsiya bilan uchrashgan.

Tashqi ishlar vazirligining Ar-Riyoddagi idorasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

Bin Ferxon Saudiya Arabistoni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashish uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidlagan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Saudiyaning pozitsiyasi xalqaro huquqqa asoslangan bo‘lib, mamlakat Rossiya va Ukrainani xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash uchun siyosiy yechim topish uchun o‘z imkoniyatlarini ishga solishga tayyor.

Ma’lumot uchun, bugun 1 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Bahraynga tashrifidan so‘ng, Saudiya Arabistoniga borgan.

Avvalroq, Italiya rasmiylari Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha reja ishlab chiqqani ma’lum bo‘ldi. “La Repubblica” gazetasining yozishicha, rejada o‘t ochishni to‘xtatish va rus qo‘shinlarini Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlash, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga tez kirishi va NATO bilan a’zo bo‘lishdan bosh tortish, Rossiya va Ukraina o‘rtasida Donbass va Qrim yarim orolining “bahsli hududlari”ga egalik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishish, shuningdek, Yevropada yangi xavfsizlik shartnomasini imzolash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Italiya va Vengriya Yevropa Ittifoqini Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va tajovuzkor mamlakat bilan tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun aniq qadamlar tashlashga chaqirib, boshqa a’zo davlatlar esa navbatdagi sammit oldidan Moskvaga nisbatan qattiq pozitsiyani egallashga qaror qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

47

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing