Yaqin Sharqda AQSHning F-15E qiruvchi samolyotlari joylashtirildi
Olam
−
14 Oktabr 2023
8395Yaqin Sharq uchun operativ mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) mintaqaga F-15E Strike Eagle qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari yetib kelganini e’lon qildi. Bu haqda qo‘mondonlik o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi
“494-ekspeditsiya eskadrilyasining F-15E Strike Eagle qiruvchi samolyotlari AQSHning pozitsiyasini mustahkamlash va Yaqin Sharqdagi havo operatsiyalarini kuchaytirish uchun CENTCOM mas’ul hududiga yetib keldi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Jerald Ford aviatashuvchisi O‘rta yer dengizi sharqiy qismiga yetib kelgan. AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik mavqedoshi Yoav Galant bilan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Qo‘shma Shtatlar, agar kerak bo‘lsa, Jerald Ford samolyot tashuvchisi va kemalar ortidan Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuch va aktivlar yuborishga tayyorligini aytdi.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Isroil yaqinida keng ko‘lamli evakuatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va gumanitar yordam ko‘rsatishga qodir bo‘lgan 2 mingdan ortiq dengiz piyodalaridan iborat 26-dengiz ekspeditsiya kuchlarini joylashtirishga tayyorlanmoqda. Telekanalning ta’kidlashicha, bo‘linma ayni paytdda USS Bataan bortida.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin Isroilga borgandi. U yerda Blinken agar boshqa davlatlar yoki terrorchilar Isroilga hujum qilsa, AQSH Isroilni himoya qilishini aytgandi. Ehtimol, shuning uchun ham AQSH O‘rtayer dengiziga o‘zining aviatashuvchi kemalarini joylashtirmoqda. AQSH Isroilga harbiylarini jo‘natmasligini ma’lum qilgan. Biroq O‘rta yer dengizidagi kuchlar orqali ayrim nishonlarga havo zarbasini berish mumkin. Bu orada Eron mintaqa davlatlari bilan Falastin borasidagi muzokaralarni kuchaytirdi. Prezident Ibrohim Raisiy Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan shu masalani muhokama qilgan bo‘lsa, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Bayrutda “Hizbulloh” yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh bilan uchrashdi. “Hizbulloh” rahbarining o‘rinbosari Nayim Qosim esa uning jangchilari HAMASga qo‘shilib, Isroilga qarshi jangga kirishi mumkinligini aytdi.
LiveBarchasi