Voqealarni diqqat bilan kuzatyapmiz – Moskva Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi

Olam

image

Qozog‘istonda sodir bo‘layotgan voqealarga rasmiy Moskva munosabat bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Rossiya Qozog‘istondagi voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. 

“Biz barcha muammolarni ko‘cha tartibsizliklari, qonunlarni buzish bilan emas, balki konstitutsiyaviy-huquqiy maydon va muloqot doirasida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdorimiz. Aynan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning qadamlari vaziyatni barqarorlashtirish, mavjud muammolarni, jumladan, namoyishchilarning qonuniy talablarini zudlik bilan hal qilishga qaratilgan. 

Biz Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik, qardoshlik, insoniy aloqalar bilan bog‘langan mamlakatdagi vaziyat tezroq normallashishiga umid qilamiz. 

Biz Rossiyaning Qozog‘istondagi xorijdagi vakolatxonalari bilan aloqada bo‘lib turamiz. Diplomatik va konsullik vakolatxonalarimiz atrofidagi muhit tinchligicha qolmoqda”, deyiladi bayonotda.

Alohida urg‘ulanishicha, hozirda  Qozog‘iston Respublikasida bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari orasida qurbonlar yo‘q. 

Bayonot so‘nggida Moskva Qozog‘istondagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etishini bildirgan. 

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda davom etayotgan namoyishlar ortidan O‘zbekiston va Turkiyaga ham rasmiy bayonot e’lon qilgandi. 

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

501

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing