“O‘zbekiston havo yo‘llari” Qozog‘istonning ikkita shahriga parvozlarni to‘xtatdi

Jamiyat

image

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Qozog‘istonda daqiqa sayin alanga olayotgan namoyishlar ortidan Olmaota va Aqto‘be shaharlariga parvozlarni bekor qildi. Bu haqda aviakompaniya xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, ertaga, 6 yanvarga mo‘ljallangan HY9729/9730 Nukus-Aqto‘be-Nukus va HY763/764 Toshkent-Olmaota-Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlari yetib boradigan aeroportlarning texnik sabablariga ko‘ra bekor qilingan.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirish kunlari haqidagi ma’lumot qo‘shimcha e’lon qilinadi. 

“Yo‘lovchilar 6 yanvar kuni Olmaota va Aqto‘bega bekor bo‘lgan parvozlar aviachiptalarining to‘liq qiymatini chipta sotib olingan joyda qaytarib olishlari yoki boshqa sanaga bepul qayta bronlash huquqiga egadirlar”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, “Uzbekistan Airways” AJ sal avval Qozog‘istonning Aqtau shahriga parvozlarni bekor qilgandi. 

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

165

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made