Ukrainaning Rossiyaga qarshi da’vosi bo‘yicha xalqaro sud qachon o‘tkazilishi aytildi
Olam
−
02 mart 2022
8364Joriy yilning 7-8 mart kunlari BMTning bosh sud organi bo‘lmish Xalqaro sud Ukrainaning Kiyev genotsidda ayblayotgan Rossiyaga nisbatan vaqtinchalik choralar ko‘rish talabini ko‘rib chiqadi. Bu haqda sud raisi Joan Donoxyu ma’lum qilgan.
COVID-19 pandemiyasi tufayli tinglovlar gibrid formatda o‘tkaziladi. Sudning ayrim a’zolari Gaagadagi Adliya saroyining katta zalida bo‘lib o‘tadigan og‘zaki tinglovlarda shaxsan ishtirok etadi. Boshqalar videoaloqa orqali qatnashadi.
Xalqaro sud raisi bo‘lajak uchrashuv haqidagi ma’lumotni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziriga, nusxasini esa Ukraina hukumatiga yuborgan.
Hujjatda aytilishicha, sud Ukraina tomonining genotsid haqidagi da’volarini – Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq tekshirishni boshlaydi.
Ukraina Xalqaro sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, yakuniy qaror qabul qilinmaguncha Ukraina xalqini himoya qilish uchun “vaqtinchalik choralar” ko‘rishni so‘ragan. Gap 7-8 mart kunlari sudyalar ishning mohiyatini emas, faqat “vaqtinchalik chora-tadbirlar”ni qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishi haqida ketmoqda.
Xalqaro sud BMTning oltita asosiy organlaridan biridir. U davlatlar o‘rtasidagi nizolarni hal qiluvchi universal xarakterdagi yagona xalqaro sud organidir. U Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi tomonidan 9 yil muddatga saylanadigan 15 nafar sudyadan iborat.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sudi ikki funksiyaga ega: u davlatlar o‘rtasidagi nizolarni hal qiladi, shuningdek, Xavfsizlik Kengashi va BMT Bosh Assambleyasining iltimosiga binoan maslahat xulosasini chiqaradi.
Hozirgi vaqtda Sud statutining 193 ta ishtirokchi davlati mavjud. Ularning 90 dan ortig‘i uning majburiy yurisdiksiyasini tan olishini e’lon qilgan. Bundan tashqari, 350 dan ortiq ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama shartnomalar sudning nizolarni hal qilish vakolatini nazarda tutadi.
Genotsid konvensiyasi 1948 yil 9 dekabrda qabul qilingan. Uning ishtirokchilari 152 davlat, shu jumladan Ukraina va Rossiya ham ushbu hujjatga 1954 yilda qo‘shilgan.
IX moddaga muvofiq Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani talqin qilish, qo‘llash yoki amalga oshirish bilan bog‘liq nizolar, shu jumladan genotsid sodir etganlik yoki shartnomada sanab o‘tilgan boshqa harakatlar uchun davlatning javobgarligi bilan bog‘liq nizolar Xalqaro sudga yuboriladi. Ularning maqsadi sud nizo bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilgunga qadar vaziyatning rivojlanishini “muzlatish” bo‘ladi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi