Ukrainaning Rossiya egallagan hududlarida ukrain tili siqib chiqariladimi?
Olam
−
09 iyun 2022
9755Ukrainaning bosib olingan hududlarida ukrain tili davlat tili bo‘lib qoladi, chunki bu hududlar hozirda Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirmaydi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Biz buni aniq aytishimiz mumkin, albatta, ha”, degan Kreml vakili Ukrainaning bosib olingan hududlarida ukrain tili davlat tili bo‘lib qoladimi, degan savolga.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning bosib olingan hududlari Rossiya tarkibiga kirmaydi. Hamma narsa o‘sha hududda yashovchi odamlarning tanloviga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 may kuni Rossiya “Azovstal” zavodi hududi butunlay rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi 20 may kun davomida zavodda bo‘lgan 531 kishidan iborat so‘nggi guruh taslim bo‘lgani, jami esa 2439 kishi qurolini tashlaganini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, “Azovstal” zavodida nazoratni ushlab turgan ukrain harbiylari 16 may kuni taslim bo‘lishni boshladi. O‘sha vaqtga qadar, bir yarim oydan ko‘proq vaqt davomida zavod Mariupoldagi rus qo‘shinlariga qarshilik ko‘rsatadigan yagona ob’ekt bo‘lib turdi.
Harbiylarning o‘zlari, taslim bo‘lish boshlanishidan oldin, qo‘mondonlik buyrug‘iga rioya qilayotganini ta’kidladi. Ukraina hukumati “evakuatsiya operatsiyasi”ga ishora qilib, “taslim bo‘lish” iborasidan qochdi va “Azovstal” harbiylari asirga olingan ruslarga almashtirilishini aytdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi