Ukrainalik qochqinlar 6 mlndan oshdi – BMT

Olam

image

Ukrainad urush boshlanganidan beri 6 029 705 nafar qochqin mamlakatning qo‘shni davlatlar bilan chegarasini kesib o‘tgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Ukrainadagi migratsiya inqirozi atrofidagi vaziyat bo‘yicha turli manbalardan olingan ma’lumotlarga tayanib xabar berdi.

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan beri mamlakatni tark etgan Ukraina fuqarolarining yarmidan ko‘pi Polshada.

Shunday qilib, 3 272 943 nafar qochoq Polsha, 895 828 nafari Ruminiya, 785 348 nafari Rossiya, 583 066 nafari Vengriya, 459 546 nafari Moldova, 409 527 nafari Slovakiya va 27 308 nafari Belarus chegarasini kesib o‘tgan.

Bu raqamlarga qo‘shimcha ravishda BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining xabar berishicha, 18-23 fevral kunlari Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlaridan 105 ming kishi Rossiyaga qochgan.

Bundan tashqari, BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevraldan buyon 1 million 626 ming 500 nafar fuqaro Ukrainaga qaytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

3

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing