Ukrainadagi urushda tinch aholidan necha kishi halok bo‘lgani aytildi

Olam

image

Rossiyaning Ukraina hududida olib borayotgan harbiy operatsiyasi davomida 24 fevraldan beri tinch aholi vakillaridan 474 nafari halok bo‘lgan. Jarohatlangan esa 861 kishini tashkil etmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi ma’lum qilmoqda.  

Tashkilot qurbonlarning haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. 

“Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qurolli hujumi boshlangan 24 fevral kuni soat 04:00 dan 7 martga o‘tar kechasi (mahalliy vaqt bilan) 00:00 gacha BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tinch aholi orasida 474 qurbonni va 861 nafar jarohatlanganlarni ro‘yxatga olgan”, deyiladi tashkilot bayonotida. 

Qayd etilishicha, ushbu qurbonlarning aksariyati katta vayronagarchilik radiusiga ega bo‘lgan qurollardan foydalanish, jumladan, og‘ir artilleriya va havo zarbalari natijasida halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandiga ko‘ra, 8 mart holatiga ko‘ra, urush sabab Ukrainani tark etib, qo‘shni davlatlarga ketgan odamlar soni 2 milliondan oshgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

40

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing