Ukrainadagi mojaro yaqin haftalarda to‘xtamaydi
Olam
−
08 aprel 2022
10499Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainadagi mojaro yaqin haftalarda to‘xtamasligiga ishonadi va aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqiradi. Bu haqda ikkinchi muddatga saylangan davlat rahbari bugun, 8 aprel kuni RTL radiostansiyasi efirida aytdi.
“Bu mojaro, afsuski, tez orada tugamaydi. O‘ylaymanki, biz yaqin kunlar va haftalarda Donbassda juda og‘ir vaziyatni ko‘ramiz. Shuning uchun biz Turkiya, Gretsiya hamda BMT bilan Mariupol va Dnepr shaharlarida gumanitar operatsiyalarni tashkil etish uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz”, deydi Makron.
Uning fikricha, yaqin haftalarda Rossiyadan diplomatik yon bosishlarini kutmaslik kerak.
“Bu may oyining o‘rtalariga qadar bo‘lmaydi”, deydi Makron yig‘ilganlarga Rossiya 9 mayni G‘alaba kuni sifatida nishonlashini eslatib.
Fransiya rahbari bir vaqtning o‘zida harbiy harakatlarning har bir yangi kuni ertangi kunni yanada qiyinlashtirayotganini ta’kidladi.
“Agar ertangi kunni o‘ylamasangiz, Yevropada tinchlik bo‘lmaydi”, deydi u.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi