“Tashqi aralashuv yo‘q”. Makron Fransiyadagi namoyishlar haqida gapirdi

Olam

−

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda yuz bergan tartibsizliklardan xorijiy yetakchilar saylovoldi maqsadlarida foydalanayotganini aytdi. Shuningdek, u ayrim siyosatchilarni Fransiyadagi voqealar haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatishda aybladi. Bu haqda u kecha, 21 oktyabr kuni Yaqin Sharqqa safari davomida, Qatar poytaxti Doha shahrida jurnalistlar bilan suhbatda gapirdi.

U aniq nomlarni aytmagan bo‘lsa-da, bayonotlari Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSH Prezidenti Donald Trampga qaratilgani taxmin qilinmoqda. Har ikki siyosatchi Fransiyadagi tartibsizliklar haqida keskin fikr bildirgan.

“Sodir bo‘lgan voqealarda hech qanday oshkora tashqi aralashuv ko‘rinmayapti, biroq ushbu voqealardan so‘ng axborotni xorijdan turib manipulyatsiya qilish holatlari kuzatildi”, deydi Makron.

Xususan, Netanyaxu Fransiyada “ekstremistik islom bosqini” yuz berganini aytgan. Tramp esa mamlakatdagi zo‘ravonliklarni ommaviy migratsiya bilan bog‘lab, Fransiya chegaralarini yopishga va vaziyatni nazoratga olishga chaqirgan.

Makron esa Fransiyada tartibsizliklar yuz bergan paytda xorijiy aralashuv alomatlari ko‘rinmaganini, biroq voqealardan keyin axborot manipulyatsiyasi kuzatilganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim xorijiy yetakchilar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta videolar ta’sirida noto‘g‘ri bayonotlar bergan.

“Hozirda mamlakatimiz haqida yomon gapirayotganlarning bari yurtimizni sevmaydigan odamlardir. Shunga ko‘ra, bunday odamlar g‘ashimni keltiradi”, deydi Makron va ayrim xorijiy yetakchilarning izohlarini qabul qilib bo‘lmas va ahmoqona deb atagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyada yashash xarajatlarining oshishiga qarshi norozilik namoyishlari fonida boshlangan tartibsizliklar Parij, Lion, Marsel va Nitssa kabi shaharlarga tarqalgan. Namoyishlar vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlar, binolarga zarar yetkazish va do‘konlarni talash holatlari kuzatilgan.

Fransiya hukumatiga ko‘ra, tartibsizliklardan keyin qariyb 150 kishi qamoqqa olingan, 800 nafardan ortiq shaxs sudga tortilgan. Avvalroq, Makron zo‘ravonliklarda o‘ta so‘l guruhlarni ayblab, tartibni buzganlarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishini bildirgan edi.

Tekshiruvga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Fransiyadagi voqealar haqida tarqalgan ayrim videolar soxta bo‘lgan. Nashr 15 dan ortiq shunday videoni o‘rgangan va ularning bir qismi Rossiya bilan bog‘liq “Matryoshka” nomli dezinformatsiya amaliyotiga aloqador bo‘lishi mumkinligini aniqlagan.

Videolarda Fransiyaning “Le Monde”, “Euronews” va “France 24” kabi nashrlari dizayniga o‘xshash belgilar ishlatilgan. Mutaxassislarning fikricha, bunday materiallar tartibsizliklar ko‘lamini sun’iy ravishda kattalashtirish va jamoatchilikni chalg‘itishga xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, Parijda keksa juftlik talab ketilib, kiyimsiz qoldirilganini ko‘rsatuvchi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvir ham ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan. BBC ushbu tasvirni Isroilga oid yangiliklar e’lon qiluvchi kichik sayt rahbari Sabrina Haniya yaratganini aniqlagan. Uning aytishicha, tasvir ChatGPT yordamida, asl suratdan foydalanmasdan tayyorlangan.

Tasvir keyinchalik ayrim foydalanuvchilar tomonidan sun’iy intellektda yaratilgani haqidagi belgilarsiz tarqatilgan va olti milliondan ortiq ko‘rish to‘plagan. Haniya tasvir kontekstdan uzib tarqatilgani va ko‘plab odamlarni chalg‘itganidan afsus bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada ommaviy tartibsizliklar oqibatida sug‘urta kompaniyalarining zarari 1,2 milliard yevroga yetishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. https://qalampir.uz/news/frantsiyadagi-tartibsizliklar-1-2-mlrd-yevro-zarar-keltirgan-bulishi-mumkin-144942


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing