Ukrainadagi mojaro Uchinchi jahon urushiga aylanishi mumkin – Tramp

Olam

image

AQSH Kiyevga berayotgan milliardlab dollarlik qurol-yarog‘lari tufayli Ukrainadagi mojaro Uchinchi jahon urushiga aylanishi mumkin. Bu fikrni AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp bugun, 18 iyun kuni Neshvill shahrida (Tennessi shtati) o‘z tarafdorlari oldida so‘zlagan nutqida bildirgan.

“Biz qilayotgan ishlar Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Biz Ukrainaga  40 milliard dollardan tashqari, yana 16 milliard dollar, jami 56 milliard dollar berdik", deydi u.

Trampning qayd etishicha, ayni paytda AQSH ittifoqchilari Ukrainaga ancha kichikroq miqdorda yordam ko‘rsatmoqda.

“Agar Yevropa, Germaniya yoki Fransiya va boshqa davlatlarga qarasangiz, ular biz bergan narsalarning kichik qismininigina bergan. Agar men Prezident bo‘lganimda, bu hech qachon sodir bo‘lmasdi”, deydi sobiq davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 iyun kuni AQSH elchisi rasmiy Vashington ajratgan qariyb 40 mlrd dollarlik yordamdan 1 mlrd dollari allaqachon Ukrainaga yetkazilganini aytgan edi. Keyinroq, AQSHning Kiyevdagi elchisi Brijit Brink Ukrainaga yana 7,5 milliard dollarlik yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.

May oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qo‘shimcha 40 milliard dollarlik qo‘shimcha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ushbu mablag‘ning taxminan 20 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordamga yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

23

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing