Ukrainada yuzlab yollanma askarlar yo‘q qilindi – Rossiya Mudofaa vazirligi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Ukrainaga kelgan yuzlab xorijiy yollanma askarlarni uzoq masofali aniqlikdagi qurollar bilan ular kelganidan ko‘p o‘tmay yo‘q qildi. Bu haqda bugun, 2 iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi. 

“Ukrainadagi yuzlab xorijlik yollanma askarlar qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tgan va taktik bo‘linmalarni muvofiqlashtirishdan o‘tgan joylarga yetib kelganidan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning uzoq masofali aniqlikdagi qurollari tomonidan yo‘q qilindi”, deydi Konashenkov. 

Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik yollanma askarlarning tayyorgarlik darajasi pastligi va haqiqiy jangovar tajribasi yo‘qligi sababli ular jangovar zonada yo‘q qilingan. 

Konashenkovning aniqlik kiritishicha, Ukraina qurolli kuchlari va Milliy gvardiya bo‘linmalari qo‘mondonlari o‘z harbiylarining yo‘qotishlarini kamaytirish uchun yollanma askarlarni ayamaydi.  

“Asirga olingan yollanma askarlar so‘roq qilinganda birinchi navbatda aynan ular kabilar qurbon bo‘lishini aytishgan. Kiyev rejimi qurbon bo‘lganlar sonini yashiradi va ularning qoldiqlarini yo‘qotadi. Shu sababli yollanma askarlarning yaqinlarini ularning vafoti haqida xabar topishmaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Donbassdagi janglarda Ukraina armiyasi kuniga 60-100 nafar askarini qurbon berayotgani va kuniga 500 ga yaqin askar yaralanayotganini aytgan edi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

6

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing