Ukrainada urush: Erdo‘g‘an Putinga niyatini aytdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an  Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyati Matbuot xizmati xabar berdi

Ta’kidlanishicha, davlat rahbarlari Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi urushdagi so‘nggi o‘zgarishlar va gumanitar vaziyatni muhokama qilgan.

Turkiya rahbari bir qator masalalarni kelishib olish uchun Rossiya Federatsiyasi va Ukraina yetakchilaririning shaxsiy uchrashuvi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Shu munosabat bilan Erdo‘g‘an yana bir bor Putin va Zelenskiyni Istanbul yoki Anqarada uchrashishni taklif qilgan.

Erdo‘g‘an, agar Ukrainada o‘t ochmaslik rejimi e’lon qilinsa, tomonlar qarama-qarshiliklarni hal qilish imkoniyati paydo bo‘lishiga ishonch bildirgan. 

Shuningdek, Turkiya rahbari Ukrainadagi gumanitar yo‘laklardan ikki yo‘nalishda samarali foydalanish va vaziyatni joyida kuzatish muhimligini ta’kidlagan.

Aytish joizki, avvalroq, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, mamlakatdagi vaziyatni muhokama qilgandi.  Muloqot chog‘ida Erdo‘g‘an  Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish uchun jadal diplomatik sa’y-harakatlar olib borayotganini qayd etgandi.

Eslatib o‘tamiz, 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya viloyatida Turkiya vositachiligida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov uchrashuvi o‘tkazildi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li  ham ishtirok etgan uch tomonlama muzokara yakunida aniq bir kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, tomonlar bunday muzokaralarni o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

136

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing