Ukrainada necha mln gektar yer minalashtirilgani aytildi

Olam

image

Ukrainaning 30 million gektardan ortiq hududi minalardan tozalashga muhtoj. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy minalardan tozalash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilingan telemarafonda aytib o‘tgan.

Monastirskiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Kiyev, Sumi, Chernigov va Xarkov viloyatlarida minalardan tozalash ishlari olib borilmoqda. 2,7 million gektardan ortiq maydonda minalardan tozalash ishlari o‘tkazib bo‘lingan.

"Taqqoslash uchun, 30 million gektardan ortiq maydonni ishlab chiqishimiz kerak. Biz chet ellik pirotexniklar brigadalari va ularning jihozlarini jalb qilmoqdamiz, ular bizga Ukraina hududlarini minalardan tozalashda yordam bermoqda", deydi IIV rahbari.

Shuningdek, u fuqarolarning portlovchi ob’ektlarda portlashi bilan bog‘liq fojiali holatlar allaqachon kuzatilayotganini ta’kidlagan. May oyi davomida 15 ta shunday holat qayd etilgan.

"Ishonchim komilki, bizning voqelik o‘zgarishi kerak. Har bir maktab o‘quvchisi, har bir ishchi, ona va ota minalar xavfsizligini bilishi va o‘z farzandlariga o‘rgatishi kerak", deb ishontirgan vazir.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

7

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing