Ukrainada Moskva shartlariga ko‘ra tinchlik o‘rnatilsa, sanksiyalar bekor qilinmaydi – Shols

Olam

image
0:00
0:00
download

Agar Moskva va Kiyev Rossiya Federatsiyasi shartlari bo‘yicha tinchlik bitimi tuzsa, Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilmaydi. Germaniya kansleri Olaf Shols kecha, 17 iyul kuni “Frankfurter Allgemeine Zeitung” gazetasida chop etilgan maqolasida shunday fikr bildirgan.

“Yangi haqiqatning bir qismi shundaki, so‘nggi oylarda Yevropa Ittifoqi ham mustahkamlandi. U Rossiya agressiyasiga bir ovozdan munosabat bildirdi va misli ko‘rilmagan darajada qattiq sanksiyalar qo‘lladi”, deb yozadi Shols.

Germaniya hukumati rahbari ittifoq a’zolari boshidanoq sanksiyalarni uzoq vaqt davomida o‘z kuchida qoldirish kerakligini bilganini qo‘shimcha qilgan.

“Va biz Rossiya istagan tinchlik o‘rnatilsa, bu sanksiyalarning hech biri bekor qilinmasligini ham aniq bilamiz. Rossiya uchun Ukraina bilan kelishuvga erishishning ukrainaliklar tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan (variant – tahr.) dan boshqa yo‘l yo‘q. Biz Ukrainaga iqtisodiy, gumanitar, moliyaviy va qurol-yarog‘ yetkazib berishni davom ettiramiz. Shu bilan birga, biz NATO urush ishtirokchisiga aylanmasligiga kafolat beramiz”, degan Shols.

U Germaniyani Rossiyaga energetik qaramlikdan xalos etishga umid qilmoqda, biroq “bu yo‘l hatto Germaniyadek kuchli va gullab-yashnagan mamlakat uchun ham oson emasligini” tan oladi.

“Bizga chidamlilik kerak”, deya hisoblamoqda u.

Kansler ko‘plab nemislar Ukrainadagi hozirgi voqealar oqibatlaridan, birinchi navbatda, benzin va oziq-ovqat narxining yuqoriligidan aziyat chekayotganini tan olgan.

“Voqealarning bunday rivojlanishiga dunyoning hech bir davlati yakka o‘zi qarshilik ko‘rsatolmaydi”, degan Shols.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing