Ukraina yolg‘iz qolib ketdi – Zelenskiy 

Olam

image

G‘arb davlatlarining va’dalariga qaramay, Ukraina dushmanga qarshi yolg‘iz himoyalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi. 

Shuningdek, u Ukrainaga chinakam yordam berayotgan har bir davlatga minnatdorlik bildirgan, lekin ko‘plar faqat gapda yordam berayotganini aytgan.

“Ukrainaga chinakam yordam berayotgan har bir davlatga minnatdorlik bildiraman. Ammo og‘zaki emas, balki aniq. Ammo ikkinchisi ham bor — biz davlatni himoya qilishda yolg‘iz qoldik. Kim biz bilan birga jang qilishga tayyor? Rostini aytsam, men ularni ko‘rmayapman. Ukrainaga NATOga kirish kafolatini berishga kim tayyor? Rostini aytsam, hamma qo‘rqadi!” degan Zelenskiy. 

Ukraina Prezidenti NATOga a’zo bo‘lish haqida ham gapirgan. 

“Davlatimizning barcha hamkorlariga shuni aytamanki, hozir muhim davr, mamlakatimiz taqdiri hal qilinmoqda. Men ulardan so‘rayman — siz biz bilanmisiz? Ular biz bilan, deb javob berishadi, lekin bizni o‘zlari bilan Alyansga olib borishga tayyor emaslar. Bugun men 27 nafar Yevropa yetakchilaridan Ukraina NATOga qo‘shiladimi, deb so‘radim, to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radim. Hamma qo‘rqadi. Javob bermaydi”, degan Prezident. 

Zelenskiy Rossiyadan qo‘rqmasligini va hech narsadan, jumladan, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqida gapirishdan ham qo‘rqmasligini ta’kidlagan. 

“Biz neytral maqom haqida gapirishdan qo‘rqmaymiz (hozir biz NATOda emasmiz). Lekin bizda qanday kafolatlar bo‘ladi? Eng muhimi, ularni bizga aniq qaysi davlatlar beradi? Bu bosqinning tugashi haqida gaplashish kerak. Bu urushning tugashi haqida — bu kerak. Ammo endi mamlakat taqdiri butunlay armiyamizga, qahramonlarimizga, xavfsizlik kuchlarimizga, barcha himoyachilarimizga bog‘liq. Xalqimizga, aqlimizga. Mamlakatimizning barcha do‘stlarining katta yordamiga”, degan u. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy hozirda qayerda ekani ma’lum emas. CNN nashriga ko‘ra,  Ukraina rahbari Rossiya qo‘shinlari Kiyevga yaqinlashayotgan bir vaqtda bunkerga olib ketilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

253

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing