Ukraina urushi faxriylariga Afg‘on urushi qatnashchilari kabi imtiyozlar berildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilarini jangovar faxriylar deb tan olish haqidagi qonunni imzoladi. Hujjat huquqiy axborotning rasmiy portalida e’lon qilingan. 

Joriy yilning 23 mart kuni mazkur qonun Davlat Dumasi tomonidan bir ovozdan qabul qilindi va Federatsiya Kengashi tomonidan ma’qullandi. Tashabbus 22 mart kuni parlament quyi palatasiga Federatsiya Kengashi birinchi vitse-spikeri, partiya Bosh kengashi kotibi Andrey Turchak boshchiligidagi “Yagona Rossiya” fraksiyasi deputatlari va “Yagona Rossiya” senatorlari tomonidan taqdim etilgan. 

Turchak avvalroq ta’kidlaganidek, maxsus operatsiya ishtirokchilari Afg‘oniston, Suriya va boshqa issiq nuqtalarda qatnashgan faxriylar foydalanadigan ijtimoiy himoya tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Bular davlat tomonidan qo‘shimcha to‘lovlar, soliq to‘lash va uy-joy kommunal xizmatlari uchun to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar, transportda imtiyozli sayohatlar, sanatoriylar, tibbiy yordam va boshqalar”, deya tushuntirdi u. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing