Ukraina urush boshlangandan beri birinchi marta qancha texnikasini yo‘qotganini ochiqladi

Olam

image

Ukraina armiyasining harbiy texnikadagi yo‘qotishlari 50 foizga yetadi. Bu haqda joriy yilning 15 iyun kuni Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlari moddiy-texnika ta’minoti qo‘mondoni general Vladimir Karpenko Amerikaning “National Defense Magazine”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bugungi kunda bizda faol harbiy harakatlar natijasida 30-40 foiz, ba’zan esa 50 foizgacha texnika yo‘qotishlarga uchradik. Shunday qilib, biz taxminan 50 foizini yo‘qotdik. Taxminan 1300 ta piyoda jangovar texnikasi, 400 ta tank, 700 ta artilleriya tizimi yo‘qotildi”, degan Karpenko.

Bunday sharoitda Ukrainaga yetkazib beriladigan qurollar uning ehtiyojining atigi 10-15 foizini qoplaydi. Ukraina Qurolli Kuchlari artilleriya, zirhli texnika, havo hujumidan mudofaa tizimlari va ko‘plab raketa tizimlariga muhtoj, deya qo‘shimcha qilgan Karpenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faol janglar ketayotgan front chizig‘ini samarali qamrab olish uchun Ukraina 40 ta brigadani to‘liq jihozlashi kerak. Buning uchun jami to‘rt ming piyoda jangovar texnikasi, 1200 ta tank va 2100 dan ortiq artilleriya tizimlari kerak bo‘ladi.

Ukraina OAVning yozishicha, ukrain armiyasi Rossiya hujumi boshlanganidan beri yo‘qotilgan texnikalar haqida ilk bor ma’lumot berdi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina tomoni Donbassdagi urushda kuniga mingga yaqin askarini yo‘qotayotgani aytilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing