Ukraina xalqi haqiqatan do‘zaxda yashayapti – Guterrish

Olam

image

Tinch aholiga qarshi terror, shifoxonalar, maktablar, turar-joy binolari va boshpanalarni o‘qqa tutish: Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining oqibatlari har kun va soatda yanada dahshatli bo‘lib bormoqda. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jurnalistlar uchun Ukraina bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

“Bir oy oldin Rossiya Federatsiyasi BMT Nizomini buzgan holda Ukraina suveren hududiga ommaviy bosqinni boshladi. Bu Ukraina bilan chegarada bir necha oy davom etgan ulkan harbiy yig‘ilgandan so‘ng sodir bo‘ldi. O‘shandan beri biz shahar, shaharcha va qishloqlarda dahshatli azob-uqubatlar va halokatlarni ko‘rdik”, deydi Bosh kotib.

Guterrishning qayd etishicha, Mariupol qulagan taqdirda ham Ukrainani bosib olish mumkin emas.

“Bu urush asta-sekin boshi berk ko‘cha tomon harakatlanmoqda. Mana ikki haftadan ortiq vaqtdan beri Mariupol u yerni shafqatsizlarcha bombardimon qilayotgan, o‘qqa tutayotgan, hujum qilayotgan rus armiyasi qurshovida. Nima uchun? Mariupol qulagan taqdirda ham Ukrainani bu tarzda, shaharma-shahar, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy bosib bo‘lmaydi”, degan BMT rahbari.

Uning fikricha, bulardan kelayotgan natija faqatgina azob, halokat va dahshat bo‘lmoqda.

“Ukraina xalqi haqiqatan ham do‘zaxda yashayapti...”, deydi Guterrish butun dunyo bu urush oqibatlarini hozir his qilayotgani: oziq-ovqat, yoqilg‘i va o‘g‘it narxlari osmonga ko‘tarilayotgani, bu esa global ocharchilikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirib.

BMT Bosh kotibi bu urushda g‘oliblar bo‘lmasligini qayd etgan.

“Muzokaralar stolida hozirda jangovar harakatlarni to‘xtatishga olib kelishi mumkin bo‘lgan yetarlicha narsa bor... va endi biz jiddiy muzokaralarni boshlashimiz mumkin. Bu urushda g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Ertami-kechmi siz jang maydonidan tinchlik muzokaralari stoliga o‘tishingiz kerak bo‘ladi. Bu muqarrar”, deydi BMT rahbari.

Guterrish harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinchlik uchun imkoniyat berishga chaqirgan.

“Ukrainadagi urushning davom etishi ma’naviy jihatdan nomaqbul, siyosiy jihatdan asossiz va harbiy nuqtai nazardan ma’nosiz”, deya ta’kidlagan Antonio Guterresh

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing