Ukraina dushman davlatga aylandi – Shoygu Rossiya nega hujum boshlaganini tushuntirdi

Olam

image

Rossiya qo‘shni davlatning yadrosiz va neytral maqomini ta’minlash maqsadida Ukrainada harbiy “maxsus operatsiya” o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishida aytib o‘tgan. 

“Ukraina dushman davlatga aylandi, undan Rossiyaga bosim vositasi sifatida foydalanildi. Ukrainaning NATOga kirishi va alyansning harbiy infratuzilmasini ushbu mamlakat hududiga joylashtirish uchun sa’y-harakatlar kuchaytirildi”, deydi Shoygu. 

Bundan tashqari, vazir Ukraina yadro quroli va uni manzilga yetkazish vositasini ishlab chiqishdek "real tahdid" yuzaga kelganini hamda mamlakat hududida AQSH harbiy biologik dasturiga jalb qilingan 30 dan ortiq biologik laboratoriyalar tarmog‘i yaratilganini aytib o‘tgan.

“Bu vaziyatda Rossiya xalqni genotsiddan himoya qilish, shuningdek Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya, uning yadrosiz va neytral maqomini ta’minlash maqsadida maxsus harbiy operatsiyani boshlashga majbur bo‘ldi”, deydi Shoygu.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, G‘arbning Ukrainaga yordami va sanksiyalariga qaramay, Rossiya barcha vazifalar to‘liq bajarilgunga qadar “maxsus operatsiya”ni davom ettiradi.

Sergey Shoyguning ta’kidlashicha, Ukrainadagi tinch aholi qurbon bo‘lmasligi uchun Rossiya atayin hujum sur’atini sekinlashtirgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing