Ukraina AQSHdan oyiga $2 mlrd so‘ramoqda – WP

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina AQSH ma’muriyatidan oyiga kamida 2 milliard dollarlik favqulodda iqtisodiy yordam so‘ramoqda. Bu haqda Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenko ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘siz mamlakatdagi gumanitar inqiroz yanada og‘irlashishi mumkin.

Marchenkoning “The Washington Post” (WP) nashriga aytishicha, uning mamlakatiga har oy kamida 5 milliard dollar xalqaro yordam kerak. U bu summaning ichiga Ukrainaning aprel, may va iyun oylaridagi ehtiyojlarini kiritgan. Bundan tashqari, Ukraina hukumati kelgusida harbiy amaliyotlardan ko‘rilgan zararni qoplash uchun ko‘proq pul so‘rashi mumkin.

“Biz kerakli mablag‘ni jalb qilish va bu urushda g‘alaba qozonish uchun hozir bu bo‘shliqni to‘ldirishimiz kerak”, deb tushuntirdi Marchenko. 

Uning aniqlik kiritishicha, bu mablag‘lar, xususan, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlariga pensiya va maoshlar to‘lash, shuningdek, insonparvarlik ehtiyojlarini qoplash uchun zarur.

Umuman olganda, AQSH fevral oyidan beri Ukrainaga iqtisodiy yordam sifatida 1 milliard dollar ajratgan, deb yozmoqda WP. O‘tgan hafta AQSH rasmiylari yana 500 million dollar ajratishga rozi bo‘lgan.

Rossiyaning 24 fevraldan beri davom etayotgan “harbiy operatsiyasi” fonida Ukraina yordamga muhtoj bo‘lib qoldi. Kecha, 25 aprel kuni Davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin Kiyevga tashrif buyurdi va tashrifdan so‘ng Ukrainaga harbiy yordamni oshirishga va’da berishdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

15

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing