“Ukraina aholisiga rahm-shafqat yo‘q”. Rossiyalik diplomatning tviti bahslarga sabab bo‘ldi

Olam

image
Medvedevning Vkontakte sahifasida Rossiyaning bosqinchilik rejalari haqida post tarqalib ketdi north_east

Medvedevning Vkontakte sahifasida Rossiyaning bosqinchilik rejalari haqida post tarqalib ketdi

Rossiya Federatsiyasining Venadagi doimiy vakili Mixail Ulyanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ochiqchasiga “Ukraina aholisini ayamaslikka” chaqirdi. U o‘zining bunday shafqatsiz fikrini Vladimir Zelenskiyning Jo Baydenga harbiy yordam uchun minnatdorlik bildirgan tvitiga javoban e’lon qildi. 

“Ukraina aholisiga rahm-shafqat yo‘q”, deya yozib qoldirgandi rossiyalik diplomat. Tvit ko‘p o‘tmasdan o‘chib ketdi, ammo u veb-arxivda qoldi, skrinshotlar ham tezda tarqaldi.

Mixail Ulyanov o‘z bayonotini oqlash uchun shoshilinch ravishda uzr so‘radi.

“Men kechirim so‘rashim kerak. Albatta, men qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi Qo‘shma Shtatlarni va kechagina har qanday tinchlik muzokaralarini rad etishini aytgan Ukraina Prezidentini nazarda tutgan edim.  Darhaqiqat, ular tomonidan Ukraina aholisiga rahm-shafqat yo‘q”, deya e’tiborni tezda Zelenskiy hamda Baydenga qaratdi.

Ukraina rasmiylari Ulyanovning so‘zlariga jim qarab turmadi. Xususan, Prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak bu tvitni genotsidga chaqirish deb atadi. Shuningdek, Oliy Rada raisi Ruslan Stefanchuk Ulyanovni “persona non grata” deb tan olish va Rossiyaga deportatsiya qilishga chaqirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing