Ukraina harbiylari butun Kupyanskni ozod qildi – ISW

Olam

image

Amerika urushni o‘rganish institutining (ISW) kundalik hisobotida aytilishicha, kecha, 16 sentyabr kuni Ukraina qo‘shinlari butun Kupyansk shahrini nazoratiga olgan.

Kecha, 16 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina armiyasi Oskol daryosidan o‘tib, Kupyansk shahrining sharqiy qismini nazoratga olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Rasmiy ravishda bu ma’lumot hali tasdiqlanmagan.

ISW brifingida aytilishicha, geolokatsiya tasvirlari Ukraina kuchlari Kupyanskdagi Oskol daryosining sharqiy sohilida pozitsiyalarni egallaganini tasdiqlayapti. Harbiy ekspertlarning fikricha, agar Ukraina kuchlari hujum amaliyotlarini davom ettirsa, rus qo‘shinlari Ukraina qo‘shinlarining butun Oskol daryosi bo‘ylab kelgusida oldinga siljishini to‘xtatish uchun juda zaif bo‘lishi mumkin.

Rossiya armiyasi uchun qo‘shimcha kuchlar zarurligi tufayli mintaqaviy hokimiyatlar federal markaz tomonidan ma’lum miqdordagi ko‘ngilli batalonlarni yaratish uchun bosim ostida bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda harbiy ekspertlar. Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning viloyatlarni “o‘z-o‘zini safarbar qilish” chaqirig‘i gubernatorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina harbiylari joriy yilning 10 sentyabr kuni Harkov viloyatining Kupyansk shahrini ruslardan ozod qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing