O‘qituvchining boshi tanasidan judo qilindi. U Muhammad (s.a.v.)ning karikaturasini o‘quvchilariga ko‘rsatgan
Olam
−
17 Oktabr 2020
85414Kecha, 16 oktyabr kuni Parij yaqinidagi Konflan-Sent-Onorin komunnasida 18 yashar mahalliy fuqarolardan biri ko‘chada tarix fani o‘qituvchisi Bua-d'Oln Semyuel P.ning boshini tanasidan judo qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi so‘z erkinligi bo‘yicha muhokamalar vaqtida sinfda “Charlie Hebdo” hajviy jurnalida e’lon qilingan payg‘ambar Muhammad (s.a.v)ning tahqirlovchi karikaturalarni namoyish qilgan. Shu sabab undan shu tarzda qasos olingan. Guvohlarning ta’kidlashicha, hujum paytida qurollangan shaxs “Allohu Akbar!” deb baqirgan.
Hodisa 16 oktyabr kuni kunduzi ro‘y bergan. Xabarlarga ko‘ra, maktab o‘quvchilarining birining otasi o‘qituvchiga ko‘chada oshxona pichog‘i bilan hujum qilgan.
Qotil asli moskvalik bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Bu ma’lumot hozircha o‘zining rasman tasdig‘ini topmagan. Rossiya elchixonasi gumonlanayotgan shaxs bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun fransuz hukumatiga rasmiy murojaat yuborgan.
Qotillikda gumonlangan shaxs politsiya xodimlari tomonidan qo‘shni Erani komunnasida otib tashlangan. Qotillik ishi tergoviga prokuraturaning aksilterror bo‘limi ham jalb qilingan. RIA Novosti xabariga ko‘ra, hozirda o‘qituvchining o‘ldirilishi munosabati bilan olib borilayotgan tergov ishlari doirasida to‘rt shaxs hibsga olingan. Ular o‘qituvchini o‘ldirgan qotilning yaqin tanishlari ekani aytilmoqda.
Qotillik yuz bergan komunnaga qator vazirlar hamrohligida yetib kelgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yuz bergan hodisani terakt, deya atagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 sentyabr kuni noma’lum shaxs pichoq bilan Parijning 11-okrugidagi janjalli mashhur "Charlie Hebdo" satirik haftalik nashri sobiq tahririyati yonida to‘rt kishini yaralagan edi.
"Charlie Hebdo" ishi
Fransiyaning "Charlie Hebdo" satirik haftalik nashri 2015 yil yanvar oyida tahririyatga qilingan hujumga sabab bo‘lgan payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikaturalarini joriy yilning 1 sentyabr kuni qayta chop etdi. Nashr buni 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt bo‘yicha sud jarayoni boshlanishi arafasida amalga oshirdi.
Gap shundaki, bundan 5 yil avval "Charlie Hebdo" jurnali Muhammad (s.a.v.)ni hajv qilib chiqqani uchun, tahririyat terrorchilik harakati nishoniga aylangan edi. Unda 12 kishi qurbon bo‘ldi.
Hujum 2015 yilning 7 yanvar kuniga to‘g‘ri kelgan.
2 sentyabr kuni Fransiyada ilk hujum bilan bog‘liq sud ishi boshlandi. Unda 14 gumondor hozir bo‘ldi. Sud tinglovchi 10 noyabrga qadar davom etadi.
"Charlie Hebdo” jurnalida muqaddas Islom dinining so‘nggi payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ning karikaturasi chop etilishi musulmon mamlakatlarning Fransiyaga qarshi e’tiroziga sabab bo‘lib, ziddiyatlarni oshirmoqda. Bunga nisbatan Turkiya va Eron munosabat bildirdi.
Prezident Emmanuel Makron tahririyat harakatlarini so‘z erkinligining ifodasi deb atadi.
LiveBarchasi