Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ni hajv qilgan “Charlie Hebdo” tahririyatiga hujum uyushtirganlar jazolandi
Olam
−
19 dekabr 2020
18227Parij sudi 2015 yilda “Charlie Hebdo” hajviy jurnali tahririyatiga hujum qilishda ayblangan ikki kishiga 30 yil qamoq jazosi tayinladi. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ali Rizo Polat va Hayot Bumeden terakt uyushtirishga sheriklikda ayblandi. Qoralovchi ayblanuvchilarga umrbod qamoq jazosi so‘ragan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Polat teraktning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijrochilari bilan bevosita aloqada bo‘lgan. Uning advokatlari sud hukmidan shikoyat qilmoqchi.
Parij sudi 2015 yilda Charlie Hebdo tahririyatiga hujum uyushtirish va do‘konda odamlarni garovga olishda ayblangan 14 kishining ishini ko‘rib chiqdi. Ayblanuvchilar turli muddatlarga qamaldi. Eng kam muddat 4 yil bo‘lsa, ko‘pi umrbod qamoq jazosi bo‘ldi.
Eng og‘ir jazoni Muhammad Belhusin oldi. U ISHID terrorchilik tashkilotiga qo‘shilib, taxminlarga ko‘ra, jangda halok bo‘lgan. Unga nisbatan jazo sirttan tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Fransiyaning "Charlie Hebdo" satirik haftalik nashri tahririyatiga 2015 yilning 7 yanvarida hujum qilingandi. Bunga jurnal payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ni hajv qiluvchi karikaturalarini chop etgani sabab bo‘lgan.
Hujumda 12 kishi halok bo‘lgan. Mazkur ish bo‘yicha sud eshituvlari bundan 3 oy avval boshlangandi.
Eslatib o‘tamiz, "Charlie Hebdo" jurnali o‘z tahririyatiga hujum qilganlar ustidan sud boshlanganda yana payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ni hajv qiluvchi karikaturalarini chop etgandi. Bunga aks sado o‘laroq 16 oktyabr kuni Parij yaqinidagi Konflan-Sent-Onorin kommunasida chechen yigit maktab o‘qituvchisining boshini tanasidan judo qildi. Fransiyada bundan keyin ham bir necha hujumlar yuz berdi.
LiveBarchasi