O‘qituvchi o‘ldirilganidan keyin fransuzlar jaholatga qarshi namoyishga chiqdi (fotoreportaj)
Olam
−
19 Oktabr 2020
18990Fransiyadagi siyosiy partiyalar, jamoatchilik tashkilotlari va kasaba uyushmalari tarix o‘qituvchisining boshi tanasidan judo qilingach, obskurantizm va varvarlikka qarshi hamda so‘z erkinligini yoqlab namoyishlar o‘tkazdi.
Parijdagi asosiy namoyish Respublika maydonida boshlandi. “Men – Samyuel” shiori ostidagi respublikaning asosiy qadriyatlari – taraqqiyot, so‘z erkinligi va dunyoviy davlat ta’limini qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar Lion, Tuluza, Nant, Lill, Marsel, Strasburg va boshqa shaharlarda ham o‘tkazildi.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, aksiyada minglab odamlar qatnashgan. Televideniye lavhasida ham pandemiyaga qaramay, Respublika maydoni odamlar bilan to‘lib-toshgani ko‘rinadi. Ularning orasida bir nechta hukumat a’zolari ham bo‘lgan.
Tashkilotchilarning chaqirig‘iga birdamlik sifatida "Charlie Hebdo" hajviy jurnali ham aksiyaga qo‘shilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni Konflan-Sent-Onorin nomli kichik shaharchada maktabning tarix fani o‘qituvchisi mudhish qotillik qurboni bo‘ldi. Qotil pichoq bilan qurollanib, maktab yonida o‘qituvchining boshini tanasidan judo qilgan. Keyin u shahar politsiyasi tomonidan otib o‘ldirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi so‘z erkinligi bo‘yicha muhokamalar vaqtida sinfda “Charlie Hebdo” hajviy jurnalida e’lon qilingan payg‘ambar Muhammad (s.a.v)ning tahqirlovchi karikaturalarni namoyish qilgan.
Huquq tartibot idorlari o‘qituvchining o‘ldirilishini terakt deb baholadi. Bu hodisadan keyin mamlakatda ommaviy qo‘lga olishlar boshlandi. Internetda qotilning bu harakatini qo‘llab-quvvatlaganlar ham tergovga tortilyapti.
"Charlie Hebdo" ishi
Fransiyaning "Charlie Hebdo" satirik haftalik nashri 2015 yil yanvar oyida tahririyatga qilingan hujumga sabab bo‘lgan payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikaturalarini joriy yilning 1 sentyabr kuni qayta chop etdi. Nashr buni 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt bo‘yicha sud jarayoni boshlanishi arafasida amalga oshirdi.
Gap shundaki, bundan 5 yil avval "Charlie Hebdo" jurnali Muhammad (s.a.v.)ni hajv qilib chiqqani uchun, tahririyat terrorchilik harakati nishoniga aylangan edi. Unda 12 kishi qurbon bo‘ldi.
Hujum 2015 yilning 7 yanvar kuniga to‘g‘ri kelgan.
2 sentyabr kuni Fransiyada ilk hujum bilan bog‘liq sud ishi boshlandi. Unda 14 gumondor hozir bo‘ldi. Sud tinglovchi 10 noyabrga qadar davom etadi.
"Charlie Hebdo” jurnalida muqaddas Islom dinining so‘nggi payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ning karikaturasi chop etilishi musulmon mamlakatlarning Fransiyaga qarshi e’tiroziga sabab bo‘lib, ziddiyatlarni oshirmoqda. Bunga nisbatan Turkiya va Eron munosabat bildirdi.
Prezident Emmanuel Makron tahririyat harakatlarini so‘z erkinligining ifodasi deb atadi.
LiveBarchasi