Rossiyada Charlie Hebdo singari jurnal paydo bo‘lmaydi – Kreml
Olam
−
29 Oktabr 2020
8222Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov buyuk payg‘ambar (s.a.v.)ning karikaturasi tufayli Fransiyada zo‘ravonlik avj olishi yuzasidan munosabat bildirdi.
"Rossiyada “Charlie Hebdo” singari jurnal paydo bo‘lmaydi”, deb ta’kidladi u.
Peskov garchi mamlakatda xristianlik asosiy din bo‘lsa ham, Rossiyada 20 millionga yaqin musulmon yashayotganini unutmaslikka chaqirdi.
"Aslida, mamlakatimizning o‘ziga xosligi aynan uning ko‘p millatli va ko‘p konfessiyaligida. Barcha konfessiyalar bir-biriga hurmat ko‘rsatib yashaydilar. Shuning uchun bunday nashrning bizda mavjud bo‘lishi mutlaqo mumkin emas, shu jumladan bu amaldagi qonunchiligimizga ham zid”, degan Peskov.
Shu bilan birga, matbuot kotibi ta’kidlashicha, odamlarni o‘ldirish nojoiz bo‘lgani kabi, dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilish ham nojoiz.
"Ikkalasi ham mutlaqo nojoiz", deb xulosa qildi Peskov.
"Charlie Hebdo" ishi
Fransiyaning "Charlie Hebdo" satirik haftalik nashri 2015 yil yanvar oyida tahririyatga qilingan hujumga sabab bo‘lgan payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikaturalarini joriy yilning 1 sentyabr kuni qayta chop etdi. Nashr buni 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt bo‘yicha sud jarayoni boshlanishi arafasida amalga oshirdi.
Gap shundaki, bundan 5 yil avval "Charlie Hebdo" jurnali Muhammad (s.a.v.)ni hajv qilib chiqqani uchun, tahririyat terrorchilik harakati nishoniga aylangan edi. Unda 12 kishi qurbon bo‘ldi.
Hujum 2015 yilning 7 yanvar kuniga to‘g‘ri kelgan.
2 sentyabr kuni Fransiyada ilk hujum bilan bog‘liq sud ishi boshlandi. Unda 14 gumondor hozir bo‘ldi. Sud tinglovchi 10 noyabrga qadar davom etadi.
"Charlie Hebdo” jurnalida muqaddas Islom dinining so‘nggi payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ning karikaturasi chop etilishi musulmon mamlakatlarning Fransiyaga qarshi e’tiroziga sabab bo‘lib, ziddiyatlarni oshirmoqda. Bunga nisbatan Turkiya va Eron munosabat bildirdi.
Prezident Emmanuel Makron tahririyat harakatlarini so‘z erkinligining ifodasi deb atadi.