Bir yondan imtiyoz, bir yondan cheklov. Qonun mukammal qabul qilinmasa, yog‘, go‘sht va tuxum narxi oshaveradi

Tahlil

image

O‘zbekistonda import qilinadigan o‘simlik yog‘i uchun QQS bekor qilinmoqda. To‘g‘ri, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham tayyor mahsulot uchun QQS to‘lamaydi. Biroq, yog‘ olinadigan xomashyo, xususan kungaboqar uchun QQSning bekor qilinmasligi, yog‘, go‘sht, go‘sht mahsulotlari, tovuq go‘shti va tuxumning narxi oshishiga olib keladi. Bu haqda batafsil ushbu maqolada o‘qishingiz mumkin.

Ayni vaqtda butun dunyoda oziq-ovqat xafsizligi masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. O‘tgan yilning oktyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Hukumatlarga oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar mo‘tadilligini ta’minlash masalasida bayonot bilan chiqqandi. Pandemiya davriga kelib, bu masala naqadar muhim ekani o‘z isbotini topdi. BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ham Bosh kotib Antoniu Guterrish bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklif bildirdi va sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi. 

Xabaringiz bor, kecha, 14 oktyabr kuni koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan muhokama qilinayotgani ma’lum qilindi. 

O‘zbekiston ayrim mahsulotlar importida QQSni bekor qilmoqchi

Kodeksga kiritilishi rejalashtirilayotgan yangi o‘zgartirishga ko‘ra, joriy yilning 15 oktyabridan 2021 yilning 1 iyuligacha O‘zbekiston Respublikasiga kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, tovuq go‘shti va boshqalar), hayvonlarni (qoramol va parranda) tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish aylanmalari ham QQSdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Kodeksga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar joriy yilning 15 oktyabridan boshlab 2021 yilning 1 yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasiga shakar va shakar homashyosini olib kirish, shuningdek, uni realizatsiya qilish aylanmalari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishini ham nazarda tutadi. 

Mazkur qonun loyihasi deputatlar K.Ernazarov, M.Qurbonboyev va A.Umirov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Yo six kuyadi, yo kabob

Ayni vaqtda O‘zbekiston parlamentining va qonunchilikka taklif kiritish vakolatiga ega bo‘lgan tashkilotlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash o‘rinli, biroq har qanday loyiha mukammal ishlab chiqilsa, six ham, kabob ham kuymasa, lo‘nda qilib aytganda, ali – xo‘ja, xo‘ja – ali bo‘lmasa, odamlar bo‘layotgan o‘zgarishlar, og‘iz ko‘pirtirgan, quloqni qomatga keltirgan islohotlar natijasini o‘z hayotida, oddiy turmushida, dasturxonida sezsagina, uni mukammal deb aytish mumkin. 

Ushba masalaga atroflicha e’tibor qaratsak. 

Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda go‘sht, o‘simlik yog‘i va tuxumning narxi keskin oshib borayotganini ko‘rib turibmiz. Tovuq tuxum qo‘ymayaptimi yo mol go‘sht bermayapti? Yo qassob kamayib ketdimi? Qani endi gap faqat shunda bo‘lsa... Bozor va do‘kon peshtaxtalarini bezab turgan mahsulotlarning qozonimizga borib tushishi ortida ko‘plab tortishuvlar bor. 

Aytaylik, yog‘ masalasi ayni kunda bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda. Ushbu munozara va yo‘l qo‘yilgan kichik xato O‘zbekistonda ko‘plab yog‘ ishlab chiqaruvchilarning millionlab zarar ko‘rishi, oyliklarning kamayishi, ishchi kuchining qisqarishi, oxir-oqibat katta zavodlar faoliyatini to‘xtatishi va import mahsulotiga o‘rnini bo‘shatib berishiga olib kelishi mumkin. 

Vahima qilmayapmiz, bunga yetarli asoslar bor

Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, 2021 yil 1 iyulgacha O‘zbekiston Respublikasiga o‘simlik yog‘ini olib kirish, shuningdek uni realizatsiya qilish aylanmalari ham QQSdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu o‘rinda o‘rinli savol tug‘iladi: xo‘sh, nega faqat import mahsuloti yoki nega faqat yog‘ mahsuloti? Xomashyo-chi? Axir O‘zbekistondagi 300 ta zavod o‘simlik yog‘i uchun kungaboqarni xorijdan import qiladi-ku.

Bugungi kunda O‘zbekiston bozoriga asosan Rossiya va Qozog‘istondan o‘simlik yog‘i import qilinmoqda. Mamlakatda esa 350 ta yog‘ ishlab chiqarish zavodi mavjud bo‘lib, ularning 16 tasi davlat tasarrufida. Mavjud zavodlarning 50 tasida paxta yog‘i, qolgan 300 tasida esa o‘simlik yog‘i ishlab chiqariladi. Zavodlarda qariyb 30 ming kishi mehnat qiladi. Ularning quvvati 4,1 million tonna bo‘lib, 900 ming tonna kungaboqar urug‘i qayta ishlanib, ulardan jami 380 ming tonna pista yog‘i olinadi. Zavodlarda 415 ming tonna pista shroti va 100 ming tonna pista po‘chog‘i ishlab chiqariladi. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: yog‘ zavodida nega pista po‘chog‘i va shrot ishlab chiqariladi? Gap shundaki, ushbu mahsulotlar qoramol fermer xo‘jaliklariga va tovuq fermalariga ozuqa sifatida savdoga chiqariladi. 

Endi masalaning mohiyatiga e’tibor qaratsak. Xo‘sh, bozorlarda nima uchun o‘simlik yog‘iga mutanosib tarzda tuxumning narxi oshib ketdi? Buning birlamchi va ikkilamchi sabablari mavjud emas. Barcha holatlar zanjirdek bir-biriga bog‘liq va ularni biridan ikkinchisini ayirib bo‘lmaydi.

Sabablarga to‘xtalsak: 

•    O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini ishlab chiqaruvchilar kungaboqarni asosan Rossiyadan import qiladi. Rossiyada esa kungaboqar eksporti uchun 6,5 foiz bojxona to‘lovi mavjud bo‘lib, ushbu miqdor 2021 yilning 1 yanvaridan kungaboqar eksportiga taqiq qo‘yilishi yoki bojxona to‘lovi 20 foizga oshirilishi kutilmoqda.  

O‘zbekistonda xorijdan keltirilgan xomashyoni olib kirish davrida esa bojxona deklaratsiyasi asosida mahsulot uchun 15 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanadi. Yuqoridagi ikkala holat ham o‘z-o‘zidan mahalliy zavodlarda ishlab chiqariladigan tayyor o‘simlik yog‘ining narxi qimmatlashishiga olib keladi.

•    O‘simlik yog‘i olingan kungaboqar shroti va pista po‘chog‘i esa qo‘ramol xo‘jaliklari va tovuq fermalariga sotiladi. 

Bu ham shrot va pista po‘chog‘ining narxiga QQS qo‘shilishiga sabab bo‘ladi. Natijada esa go‘sht va tovuq go‘shti, shuningdek, aholining kundalik iste’mol savatchasidan o‘rin olgan tuxumning narxi ko‘tarilishiga olib keladi. Olib keldi ham. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 13 oktyabrdagi PK-4858-sonli farmoniga binoan bir qator tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi. Jumladan tayyor import qilingan kungaboqar yog‘i ham bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi. Endilikda Soliq kodeksiga o‘zgaritirish kiritish orqali xorijdan import qilinayotgan o‘simlik yog‘i uchun QQSni bekor qilish esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faoliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Qolaversa, Rossiya kungaboqar eksportini to‘xtatishni muhokama qilayotgan bir vaqtda xorijiy tayyor mahsulotlarning O‘zbekistonga kirishini ko‘paytiradi. 

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining birlamchi iste’mol mahsulotlarini mo‘tadil narxlarda sotib olishi, ulardan QQSning olib tashlanishi muhim, biroq bu O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilarning yo‘qotishlari evaziga bo‘lmasligi kerak. Agar xorijdan kelitirilayotgan xomashyo – kungaboqar urug‘i, kunjut va boshqalar uchun ham QQS bekor qilinsa, ana shunda ham mahalliy, ham import mahsulotlarning teng raqobat qilishiga imkon yaratiladi. Bordiyu Soliq kodeksiga kiritiladigan o‘zgartirish faqat bir taraflama bo‘lib qolsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tang ahvolda qolishi, bozorlarda yana o‘simlik yog‘i, buning ortidan esa go‘sht va tuxum narxi oshib ketishi mumkin. 

Bu shunchaki gap bo‘lib qolmasin, raqamlarga e’tibor qarataylik. 

O‘zbekistonga 2019 yil davomida 238 ming tonna, joriy yilning 9 oyi davomida 73,400 tonna esa kungaboqar import qilingan. O‘tgan yilning mos davrida esa 199 ming tonna kungaboqar import qilinganini ko‘rish mumkin. Albatta, pandemiya ishlab chiqarish va importga yetarlicha ta’sir o‘tkazdi. Bu ham yetmagandek, ayni sharoitda xorijiy mamlakatlar, xususan Rossiya ayrim mahsulotlar, jumladan o‘simlik yog‘i va kungaboqar eksportini qisqartirdi. Bu esa o‘zbekistonlik o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchilarga, shuningdek qoramol xo‘jaliklari va tovuq fermalariga zarba berdi. 

Import oshib ketdi

O‘zbekistonga kungaboqarning kirib kelishi kamayishi esa chet eldan o‘simlik yog‘i importining ortishiga olib keldi. Davlat statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotlarda esa joriy yilning o‘tgan 9 oyida 2019 yilning mos davriga nisbatan 13 foiz ko‘p o‘simlik yog‘i import qilinganini ko‘rish mumkin:

•    2019 yilning yanvar–sentyabr oylarida qiymati 157,9 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 194,6 ming tonna o‘simlik yog‘i import qilingan.

•    2020 yilning yanvar–sentyabr oylarida qiymati 179,2 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 219,5 ming tonna o‘simlik yog‘i import qilingan qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,8 % ga oshgan.

O‘tgan yillarda mahalliy yog‘ ishlab chiqaruvchilarga bojxona va soliq imtiyozlari berilishi  natijasida iste’mol bozorida yog‘ va yog‘ mahsulotlarining taqchilligi kuzatilmagan. Ayni vaqtda esa imtiyozlarning bekor qilinishi, import va mahalliy yog‘ mahsulotidan QQSning olib tashlanishi, ammo mahalliy ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo – kungaboqarga QQSning saqlab qolinishi ishlab chiqaruvchilarni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yishi mumkin. 

Ishlab chiqaruvchi kungaboqar uchun to‘lagan qo‘shilgan qiymat solig‘ini tayyor mahsulot ustiga qo‘yolmaydi. Mahsulot ustiga qo‘yilmagandan keyin buni to‘lash ham mantiqsiz. Bunda QQSni tadbirkor o‘z daromadidan to‘layotgan bo‘lib qoladi. Agar QQSni pista po‘chog‘i va shrotga qo‘ysa, bu go‘sht va go‘sht mahsulotlari, tovuq go‘shti va tuxumning narxi oshib ketishiga olib keladi. Bir tarafdan import qilinayotgan o‘simlik yog‘ining narxi tushadi, boshqa tarafdan kundalik iste’mol savatchasidagi boshqa mahsulotlar narxi yanada ko‘tariladi. 

Aytaylik, hozirgi vaqtda mahalliy zavod Rossiyadan 30 ming tonna kungaboqar import qilsa, bu 15 fozi QQS qo‘shilganda o‘rtacha 11 million 400 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Yog‘ olingan 30 ming tonna kungaboqardan 13,5 ming tonna shrot chiqadi. 13,5 tonna shrotning narxi esa 15 foiz QQS bilan 3 million 375 ming AQSH dollariga baholanadi. Xomashyodan QQSning olib tashlanishi orqali nafaqat tayyor o‘simlik yog‘i narxining, balki tuxum va go‘shtning narxi pasayishiga erishiladi.  

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, faqat import qilinayotgan va o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan o‘simlik yog‘iga nisbatan 15 foiz QQSni bekor qilish bilan kutilgan natijaga, ya’ni bozorda o‘simlik yog‘i, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, tovuq go‘shti va tuxumning arzonlashishiga erishib bo‘lmaydi. Xomashyoni import qilishga belgilangan bojxona stavkalari ham nolga tenglashtirilmas ekan, narx pasayishini kutmasak ham bo‘ladi. 

Xulosa o‘zingizdan!


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

173

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing