Ayolni urgan “voyenkom”, so‘zining ustidan chiqqan Bayden, Rahmondan najot qidirayotgan Mas’ud – yangiliklar dayjesti

Jamiyat

image
Yakuniga yetayotgan 9 noyabrda O‘zbekiston va jahonda nimalar bo‘ldi? Bugun qanday muhim yangilik, voqea-hodisalar bilan yodda qolmoqda? QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Bir haftada uchinchi marta yo‘q reys uchun aeroportda odamlar to‘plandi

Kecha, 8 noyabr kuni Navoiy xalqaro aeroportida Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga parvoz qilish niyatidagi odamlar to‘plandi. “Uzbekistan Airports” AJ holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 8 noyabr kuni tushdan keyin Navoiy xalqaro aeroportiga IFly aviakompaniyasining Navoiy – Moskva va Navoiy – Sankt-Peterburg yo‘nalishidagi reyslari bilan parvoz qilish niyatida yo‘lovchilar kela boshlagan. Biroq, bu reyslar jadvalda bo‘lmagan.

Samarqandda bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan vafot etdi

Samarqand viloyatining Narpay tumanida bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etdi. 

Joriy yilning 22 oktyabr kuni Narpay tumani Narpay mahallasida yashovchi fuqaro J.S., uning turmush o‘rtog‘i va 2 nafar voyaga yetmagan farzandi yashash uyida o‘lik holda topilgan.

Tekshiruv natijasida ular is gazidan vafot etgani aniqlangan. Viloyat prokuraturasi vakilining qo‘shimacha qilishicha, xonadonda qo‘lbola pechdan foydalanilgan.

Urganch va Navoiyda odamlar to‘planib qolishiga sabab bo‘lgan aviakompaniyaga sanksiya qo‘yildi

Rossiyaning “I Fly Airlines” avakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qo‘yildi. 

Qayd etilishicha, yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga rioya etishni ta’minlash maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan 2020 yilning oktyabr oyida aviakompaniyalarga O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ “O‘zaviatsiya” agentligidan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.

Andijonda to‘y oldidan mudhish jinoyat sodir etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 2003 va 1996 yilda tug‘ilgan ikki yigit qiz sababli o‘zaro janjallashib qolgani haqida xabar tarqaldi. Unda unashtirilgan qizi 2003 yilda tug‘ilgan yigit bilan oldin ham, unashtiruvdan keyin ham uchrashib yurganini bilgan 26 yoshli yigit, o‘sha bolani urib, kanalga tashlab yuborgani aytilgandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Joriy yilning 5 noyabr kuni L.Z. yashash xonadonidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.

Mirziyoyevning Turkiya safari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy haftada Istanbul shahrida o‘tkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Turkiyaga borishi haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning safari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, davlat rahbari 11-12 noyabr kunlari Turkiya Respublikasida tashrif bilan bo‘ladi.

Olmaliq shahar “voyenkom”i bozorda ayolni urgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahar Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i bozorda ayol kishiga nisbatan noo‘rin xatti-harakatni amalga oshirgani aytilayotgan video tarqaldi.

Tarqalgan videoda harbiy formadagi erkak do‘konga kirib, er-xotinga o‘g‘lining muddatli xizmat o‘tashi uchun tuzilgan shartnoma bo‘yicha pul to‘lashi kerakligini aytayotganini ko‘rish mumkin. Ota bunga javoban o‘g‘li uchun u pul to‘lashga majbur emasligini aytib javob qaytargan. Ona ham xuddi shunday javob bergan. Shunda erkak ayolni qo‘lidagi telefoniga tashlanib, uni tasvirga olishi mumkinmasligini aytgan. Tasvirlardan harbiy ayolni urganini taxmin qilish mumkin.

O‘zbekistondagi o‘lim holatlarining asosiy sababi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda 30-70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi hanuzgacha yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda.

“So‘nggi besh yilda yurak-qon tomir kasalliklari 20 foizga, hatto yoshlar orasida ham ko‘paygan. 40 yoshdan yuqori aholining 20-25 foizida gipertoniya alomatlari mavjud.

Umuman, o‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo‘lib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etadi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston “do‘ppi tor kelganda” xorijdan gaz sotib olish mumkin

O‘zbekiston kuz-qish mavsumida tabiiy gaz taqchilligini sezsa, ushbu energiya resursini xorijdan sotib olishi ham mumkin.

Qayd etilishicha, 2021-2022 yillar kuz-qish davrida tabiiy gaz resurslari va iste’molchilarga taqsimlash prognoz balansiga muvofiq 32 622,0 mln kub m tabiiy gaz respublika maishiy iste’molchilariga yetkazib beriladi.

Olam

BMT muhojirlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishga qarshi chiqdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti qochqinlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishga qarshi. 

“Biz bir qancha vaqtdan beri Polsha va Belarus chegarasida sodir bo‘layotgan voqealar haqida xabarlarni ko‘rib turibmiz. Bir qator fundamental tamoyillar mavjud — odamlar hech qachon siyosiy maqsadlarga erishish uchun vosita sifatida foydalanilmasligi kerak, ayniqsa ular zaif holatda bo‘lsa. Tegishli tamoyillar 1951 yildagi Qochqinlar bo‘yicha konvensiyada belgilangan va ular hamma tomonidan hurmat qilinishi kerak”, degan BMT Bosh kotibining Matbuot kotibi Stefan Dyujarrik. 

Ahmad Mas’ud Imomali Rahmondan yordam so‘radi

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Afg‘onistonda inklyuziv hukumat shakllanishiga yordam berishi kerak. Bu haqda Afg‘oniston Milliy qarshilik fronti yetakchisi Ahmad Mas’ud Afg‘onistonning Hirot viloyati sobiq gubernatori Ismoil Xon bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.

Ushbu uchrashuv joriy yilning 6 noyabr kuni Eronning Mashhad shahrida bo‘lib o‘tgan. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 76 million 700 ming dollarni tashkil qilgan. 

Bayden Putinga bergan va’dasini bajarganini ma’lum qildi

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga butun dunyo bo‘ylab xakerlarni qo‘lga olish haqida bergan va’dasini bajarganini aytdi.

“Iyun oyida Prezident Putin bilan uchrashganimda, men AQSH kiberjinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun chora ko‘rishini aniq aytgandim. Biz buni bugun qildik”, degan Oq uy rahbari. 

Hujjat Qo‘shma Shtatlar Rossiya fuqarosi Yevgeniy Polyanskiy va ukrainalik Yaroslav Vasinskiyga nisbatan kiberfiribgarlikda ayblov qo‘ygani ma’lum bo‘lgach e’lon qilingan. 

Nigeriyada maktab yonib, 26 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi

Nigeriyada xonalari somondan qurilgan maktab yonib ketishi oqibatida 5-6 yoshli 26 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, 13 kishi jarohatlandi. 

Qayd etilishicha, yong‘in kecha, 8 noyabr kuni mamlakat janubidagi Maradi shahridagi maktablardan birida sodir bo‘lgan. Maktabning 3 ta sinf xonasi yonib ketgan.

Sport

Messi “Barselona” futbolchisini PSJda ko‘rmoqchi

Kataloniyaning “Barselona” klubi futbolchisi Xordi Alba jamoani tark etishi mumkin. 

Manbada aytilishicha, Kataloniya klubi moliyaviy muammolar sabab futbolchining maoshini qisqartirmoqchi. Bu esa Albaga unchalik ma’qul kelmayapti.

Himoyachi joriy mavsumda maoshini qisqartirishga rozi bo‘ldi, biroq uni muntazam ravishda amalga oshishiga qarshi. PSJ klubi mazkur vaziyatni jiddiy tarzda kuzatib bormoqda. Sababi, parijliklarning yangi a’zosi Lionel Messi “ko‘k-anorranglilar” safidagi sobiq sherigini Fransiyada ko‘rishni istamoqda. 

MYU sarosimada qolganga o‘xshaydi – Ferdinand

“Manchester Yunayted” sobiq sardori Rio Ferdinand jamoa bosh murabbiyi Ole Gunnar Sulsher haqida fikr bildirdi.

“Bu mavsumda Premer ligada biror hech bir sovrin uchun kurasha olmaymiz, deb o‘ylayman. Har hafta jamoamizni kuzataman. MYUning o‘yinida hech qanday falsafa yoki shaxsiyatni ko‘rmayapman. Jamoa sarosimada qolganga o‘xshaydi. Ole bizni chempion qila oladimi, degan savolga men har doim bir oz shubha bilan qaraganman. U buni qila oladimi yoki yo‘qmi, ishonchim komil emas edi. Ammo Ole yig‘gan jamoaning joriy mavsumdagi o‘yinlarini tahlil qilib, estafetani “Manchester Yunayted”ni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan odamga topshirish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Ole boshini baland ko‘tarib ketishi mumkin.  O‘yinchilar murabbiydan qo‘rqmayotgani sezilib turibdi va ular yugurishmayapti, ba’zida esa o‘yin davomida jarohat olishyapti. Bu murabbiyga nisbatan hurmatsizlik”, deydi Ferdinand. 

Konorni jangga chaqirishdi. “Notorius” oktagonga qaytmoqchi

Amerikalik MMA jangchisi Maykl Chendler yengil vazn toifasida UFC sobiq chempioni Konor Makgregorni jangga chorladi.

“Temir Mayk” Twitter sahifasida o‘zi va “Notorius” ishtirokidagi “face-to-face” marosimini (kollaj) e’lon qilib, uni oktagonga chorladi.

Irlandiyalik jangchi esa Chendlerning postiga javob qaytardi.

“Qachondir, albatta, sen bilan jang qilamiz. Ajoyib jang o‘tkazding, Mayk, tabriklayman”, deydi Konor.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

136

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing