To‘rt davlat YeIdan Rossiya aktivlarini musodara qilishni talab qilmoqda

Olam

image

Litva, Slovakiya, Latviya va Estoniya Yevropa Ittifoqidan (YeI) Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlashni boshlashni so‘rayapti. Shuningdek, to‘rt davlat Ukrainani qayta tiklashni moliyalashtirish uchun Yevropa Ittifoqidan muzlatilgan Rossiya aktivlarini musodara qilishni talab qilmoqda. Mazkur talablar yozilgan maktubni “Reuters” nashri e’lon qildi.

Ular maktubda Yevropa Ittifoqi rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli aktivlarni hamda Rossiya bankining 300 milliard dollarga yaqin zaxiralarini allaqachon muzlatib qo‘yganini eslatgan.

“Endi biz Ukrainaning Rossiya tajovuziga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini davom ettirish va mamlakatni urushdan keyingi qayta qurish xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy manba sifatida maksimal darajada foydalanishning qonuniy yo‘llarini aniqlashimiz kerak”, deyiladi hujjatda.

Bu to‘rt davlatga ko‘ra, agar aktivlarni musodara qilishning qonuniy yo‘llari topilmasa, ulardan vosita sifatida foydalanish kerak. Rossiya mulklaridan Ukrainaga yetkazilgan barcha zararni qoplangandan keyingina foydalanishi lozim.

Shuningdek, maktubda Rossiyaga qarshi Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalarini joriy etish zarurligi haqida bayonot berilgan. 

“Bizning moliyaviy resurslarimiz, mahsulotimiz yoki xizmatlarimiz Rossiya urush mashinasiga hissa qo‘shmasligini ta’minlash uchun Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasida umuman iqtisodiy aloqalar qolmasligi kerak”, deyiladi hujjatda.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel 9 may kuni muzlatilgan Rossiya oltin-valyuta zaxiralarini Ukrainani tiklash uchun ishlatishni taklif qilgan edi. 18 may kuni Yevrokomissiya vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis rossiyaliklarning Yevropa Ittifoqidagi muzlatilgan aktivlari taqdiri, jumladan, musodara qilinishi ushbu aktivlar joylashgan mamlakatlar qonunchiligi asosida hal qilinishini ma’lum qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Rossiya-Ukraina bosqini

Baholaganlar

7

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing