Tojik-qirg‘iz mojarosi: Rossiya ikki harbiy ittifoqchisining to‘qnashuviga munosabat bildirdi

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 aprel kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana otishma boshlandi. Otishma endilikda chegaradosh davlatning boshqa qismida olib borilmoqda.

Nizolashayotgan har ikki davlat bilan ham harbiy ittifoqda bo‘lgan Rossiya chegaradagi vaziyatga munosabat bildirdi. 

“Moskva Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarining bahsli qismida vaziyat keskin avj olishini xavotir bilan kuzatdi. Afsuski, qurolli to‘qnashuvlar natijasida odamlar halok bo‘ldi. Ikki tomondan ham yetarlicha jarohatlanganlar bor”, degan RF TIV vakili Mariya Zaxarova.

Rossiya halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan. TIV tomonlarning o‘t ochishni to‘xtatish va harbiylarni ortga qaytarish bo‘yicha kelishuvini olqishlagan.

“Biz tomonlarni qo‘shimcha muzokaralar orqali ittifoqchilik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida vaziyatni normallashtirishga imkon beradigan va bunday hodisalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun samarali choralar ko‘radigan barqaror va uzoq muddatli kelishuvlarga erishishga chaqiramiz. Shu munosabat bilan biz Bishkek va Dushanbening Qo‘shma ishchi guruh tuzish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz. Rossiya Qirg‘iziston va Tojikiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillariga amal qilib, har qanday bahsli masalalarni siyosiy va diplomatik usullar bilan hal qilishda har tomonlama hissa qo‘shishga tayyor”, deydi Zaxarova.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro

Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.

Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston-Tojikiston

Baholaganlar

272

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing