Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi yo‘lga neytrallik maqomi berildi
Olam
−
27 fevral
3917Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi Tort-Kocho hududiga neytral maqom berildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Jogorku Kenesh qo‘mitalarining qo‘shma majlisida ma’lum qildi.
Yo‘l qoplamasi 10 metr, har ikki tomonida 15 metrlik xavfsizlik tasmasi o‘rnatilgan. Hammasi bo‘lib 40 metr yo‘l neytral maqomini oldi.
“Ya’ni, eni 40 metr bo‘lgan yo‘l neytral bo‘lib qoldi. U na qirg‘iz, na tojik tomoniga tegishli bo‘lmaydi. U ikkala tomon tomonidan ham qo‘llaniladi. Endi hech kim markazdagi Tort-Kochoga “bu mening hududim” deb, uni yopib qo‘ya olmaydi”, degan Tashiyev.
U Tort-Kocho haqida ko‘p gapira olishini, lekin o‘zini tiyishini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, maxsus xizmatlar rahbari ushbu chorrahada avvallari mansabdor shaxslar tomonidan olib borilgan ishlar xiyonat ekanini aytdi.
Ma’lumot uchun, Tort-Kocho hududi qirg‘iz-tojik chegarasida joylashgan. 2022 yilning yanvar oyida u yerda qirg‘izistonlik chegarachilar va tojikistonlik harbiylar o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan edi. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasi uzunligi taxminan 980 kilometrni tashkil etadi. Chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar 2002 yilning dekabr oyidan buyon davom etmoqda. Ushbu masalaning hal etilmagani ikki davlat aholisi va harbiylari ishtirokidagi mojarolarga sabab bo‘lib kelgan, ularda o‘qotar qurollar ham ishlatilgan. So‘nggi jiddiy to‘qnashuv 2022 yilning kuzida sodir bo‘lgan. 2014 yildan beri Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida 10 dan ortiq yirik mojaro kuzatilgan. Qirg‘iziston Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh. Tojikiston esa, shu kunga qadar, Qirg‘iziston bilan barcha chegara masalalarini hal qila olmagan so‘nggi qo‘shni davlat edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov Bishkekda umumiy chegara uchastkasini delimitatsiya qilish bo‘yicha protokolni imzolagandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


