Tojikiston Qirg‘izistonni ayyorlikda aybladi
Olam
−
21 Sentabr 2022
6691Qirg‘iziston tomoni o‘zining chegara hududlarida harbiy qismlar va texnikalarni yashirib, chegaradan qo‘shinlarni olib chiqish bo‘yicha imzolangan protokol shartlarini buzmoqda. Bu haqda bugun, 21 sentyabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytiladi.
“Qirg‘iz tomoni qo‘shinlari va og‘ir harbiy texnikalarini o‘zaro tutashuv chizig‘idan olib chiqib ketayotgani haqidagi yolg‘on ko‘rinish hosil qilib, ularni Laylak va Cho‘n-Olay tumanlari chegaradosh aholi punktlarida yashirmoqda”, deyiladi xabarda.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 sentyabr kuni Tojikistonning Konibodom shahridagi Loxuti nomidagi aholi punkti yaqinida Qirg‘iziston Qurolli kuchlarining 12 ta himoyalangan harbiy texnikasi joylashuvi va shu kunning o‘zida Tojikistonning Devashtich tumanidagi “Nurobod” chegara posti yaqinida “Qirg‘izistonning 70 nafar qurolli maxsus kuchlari borligi aniqlangan.
18 sentyabr kuni Tojikiston tomoni Tojikistonning Laxsh viloyatidagi “Sarxadchi” chegara posti yaqinida Qirg‘izistonning kamuflyajlangan 4 ta og‘ir harbiy texnikasini payqab qolgan.
Shuningdek, Tojikiston tomoni Qirg‘izistonning uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan mamlakat havo hududini ko‘plab buzish holatlarini qayd etishda davom etmoqda. TIV Tojikiston yana bir bor Qirg‘iziston tomonini chegara hududidagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha imzolangan protokollarni qat’iy bajarishga chaqirmoqda.
“Aks holda tojik tomoni bu holatni Qirg‘izistonning navbatdagi tajovuziga tayyorgarlik sifatida baholaydi”, deya ogohlantirdi respublika TIV.
Joriy yilning 19 sentyabr kuni ikki davlat maxsus xizmatlari rahbarlari Saymo‘min Yatimov va Qamchibek Tashiyev chegara hududlaridagi qurolli mojaroni hal etish bo‘yicha protokol imzoladi. Hujjatda jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatish, qo‘shinlar va harbiy texnikani doimiy joylashtirish joylariga olib chiqish, chegara postlari va komendaturalarni birgalikda tekshirish, qurolli to‘qnashuvlarni tergov qilish ko‘zda tutilgan.
Tojikiston va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida og‘ir qurollardan foydalangan holda janglar 14 sentyabr kuni Tojikistonning Vorux anklavining Kex hududida boshlanib, umumiy chegaraning alohida uchastkalarida 17 sentabrgacha davom etgan. Tojikiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuv vaqtida respublikaning 40 dan ortiq aholisi halok bo‘lgan. Bishkekda mamlakatning 59 fuqarosi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kecha, 20 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etib, unda Tojikistonni xalqaro shartnomalarni bajarmaslik va Qirg‘izistonga tajovuzda ayblagan edi.
LiveBarchasi