Tojik-qirg‘iz chegarasida vaziyat yana keskinlashishi mumkin – Dushanbe
Olam
−
19 Oktabr 2022
6490Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari yangi provokatsiyalar tayyorlayotganini e’lon qildi.
Gap otishma pozitsiyalarini tayyorlash, harbiy texnikani tortib kelish va Tojikiston Respublikasi havo hududini buzish haqida bormoqda.
Xususan, 26 sentyabrdan 15 oktyabrga qadar Qirg‘iziston dronlari Isfara uzra 13 marta uchib o‘tgan. 1 oktyabr kuni kechki payt Ko‘k-Tosh qishlog‘idan zirhli texnikalar Leylek tumani tomon olib borilgan.
4-5 oktyabr kunlari “Sarband” (“Golovnoy”) suv taqsimlash blokining chap tomonida zirhli texnika va minomyot ekipajlarini joylashtirish uchun chuqurligi 6 metrgacha bo‘lgan boshpanalar barpo etilgan.
7 oktyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi maxsus topshiriqlar bo‘linmasining 15 nafar xodimi chegara zonasiga “Kamaz”da yetib kelib, chegara postini o‘rnatgan.
13 oktyabr kuni oxirgi qo‘shma protokolga zid ravishda harbiylar tomonidan Isfara-Vorux yo‘lida post o‘rnatilgan, Maqsat qishlog‘ida 5 ta mustahkam temir-beton postlar joylashtirilgan.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarada so‘nggi keskinlik joriy yilning sentyabr oyi o‘rtalarida kuzatildi. 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi.
Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda. To‘qnashuvlarni yakunlash uchun Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari protokol imzoladi. Hujjat uchta bandni o‘z ichiga olgan.
Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.
LiveBarchasi