Tojik-qirg‘iz mojarosi: Qirg‘iziston chegaradagi to‘qnashuvlar nimadan boshlanganini aytdi

Olam

image

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi mojaro tojik tomoni suv inshooti oldida kuzatuv kameralarini o‘rnatishni boshlashi ortidan boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Qirg‘iziston IIV bayonotida aytilgan.

“2021 yil 28 aprel kuni Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi “Golovnoy” suv taqsimlagichi atrofida Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasida mojaro yuz bergan. U asta keskinlashib, qurolli to‘qnashuvga aylangan. Mojaroga tojik tomonining elektr ustunlarga kuzatuv kameralarini o‘rnatishi sabab bo‘lgan. Ikki respublikaning huquqni muhofaza qilish idoralari va mahalliy ma’muriyatlari vakillari olib borgan muzokaralar davomida ziddiyat hal qilindi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shu bilan birga Qirg‘iziston IIVning ta’kidlashicha, 29 aprel kuni soat taxminan 13:30 da mahalliy aholi (qirg‘izlar tomonidan) kelib kameralarni olib tashlashni talab qilgan. Tojikiston tomonidan to‘plangan odamlar talabni bajarmay, bir qancha ov qurolidan o‘q uza boshlagan. Natijada Qirg‘iziston fuqarolari jabrlangan.

“Taxminan soat 14:00 larda Tojikiston tomondan minomyot bilan o‘qqa tutish boshlandi. Minomyotdan otilgan birinchi snaryad “Golovnoy” suv taqsimlash inshootini nishonga oldi. Keyin minomyotdan muttasil o‘q uzish davom etdi”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, “Golovnoy” suv taqsimlash inshootini Qirg‘iziston IIV “Sher” ichki qo‘shinlari qo‘riqlayotgan bo‘lgan va ular ham qarshi tomonga o‘q uza boshlagan. Ular “Golovnoy” suv inshootining egallab olinishiga yo‘l qo‘ymagan. To‘qnashuvlarda Qirg‘iziston IIVning 14 nafar harbiysi jarohatlangan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro

Joriy yilning 28 aprel kuni Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.

Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi

Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

Shu kunning o‘zida Japarov va Rahmon telefon orqali suhbatda may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan edi.

1 may kuni ikki davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari chegara hududida uchrashib, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga kelishib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Qirg'iziston-Tojikiston

Baholaganlar

540

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing