Eron Turkmaniston bilan chegarani yopib qo‘ydi
Olam
−
07 Oktabr
13582Eron 4 oktyabrdan boshlab Turkmaniston bilan chegarasini yopib qo‘ydi. Eronga yo‘l olgan turkmanistonliklar qaytarib yuborilmoqda. Bu haqda “Turkmen.news” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, turkmanistonlik tadbirkorlar, ziyoratchilar va davolanish uchun qo‘shni mamlakatga yo‘l olgan odamlar chegaradan qaytarilmoqda. “Gaudan-Badjigiran” va “Seraxs” nazorat-o‘tkazish punktlarida Eron yuk mashinalari ham Turkmanistonga o‘tkazilmayapti. Shu sababli mamlakatda o‘simlik yog‘i tanqisligi yuzaga kelgan.
Qayd etilishicha, neytral hududda o‘nlab odamlar qo‘shni davlatga o‘tishga ruxsat kutmoqda, boshqalari esa kutishdan charchab orqaga qaytgan. Turkmaniston chegarachilari odamlarni o‘tkazmoqda, lekin ular undan nariga o‘tolmayapti. Eron tomoni ikki kundan buyon na odamlarni, na transport vositalarini ikki yo‘nalishda ham o‘tkazmayapti.
Nashrga ko‘ra, chegaraning yopilish sabablari ma’lum emas. Bir versiyaga ko‘ra, bu Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik bilan bog‘liq. Chegara yopilishi sababli Turkmaniston poytaxti Ashxobod va viloyatlarda o‘simlik yog‘i tanqisligi yuzaga kelgan. O‘tgan haftaning o‘rtalarida import qilingan bir litrlik mahsulot 18 manat (taxminan 65 ming so‘m) bo‘lsa, hozir bu hajmdagi yog‘ 25 manatga (taxminan 91 ming so‘m) ham topilmayapti. Ashxobodning ulgurji bozorlarida yog‘ birorta ham do‘konda yo‘q. Mamlakatdagi “Kämil” gipermarketlar tarmog‘ida xaridorlarga qat’iy ravishda bir litrdan yog‘ sotilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron harbiylari mamlakatni muhojirlarning kirib kelishidan himoya qilish uchun Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrdan ortiq masofada devor qurgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr