Shveysariya muzliklarning erishi tufayli Italiya bilan chegarasini o‘zgartirmoqchi
Olam
−
01 Oktabr
3450Shveysariya hukumati tarixan ikki davlat chegarasini belgilab turgan muzliklarning erishi tufayli Matterhorn tog‘ cho‘qqisida Italiya bilan chegarasini o‘zgartirdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
“Chegaraning katta qismlari suv havzalari yoki muzliklar, firn yoki doimiy qorlarning tizma chiziqlari bilan belgilanadi. Bu tuzilmalar muzliklarning erishi tufayli o‘zgarib bormoqda”, deyiladi Shveysariya hukumatining joriy yil 27 sentyabr kuni e’lon qilingan bayonotida.
“The Guardian”ning yozishicha, Shveysariya va Italiya o‘rtasidagi qo‘shma komissiya ko‘p yillik muhokamalardan so‘ng 2023 yilning may oyida chegarani o‘zgartirishga kelishib olgan. Mamlakatlar Shveysariyaning Zermatt tog‘-chang‘i kurorti va Italiya Valle d'Aosta hududidagi Matterhorn yaqinidagi chegarani o‘zgartirishga qaror qilgan. Shuningdek, ular Testa Grigia qoyasi va Plateau Rosa muzligi kabi diqqatga sazovor joylar yaqinidagi chegarani o‘zgartirishga ahd qilgan.
Biroq Italiya hukumati chegara o‘zgarishlarini hali ma’qullamagan.
“Bloomberg” iqtibos keltirgan Shveysariya Fanlar akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Shveysariyadagi muzliklar o‘z hajmining 4 foizini yo‘qotgan, kuzatishlar tarixidagi rekord erish esa 2022 yilda qayd etilgan, o‘shanda muzliklar o‘z hajmining 6 foizini yo‘qotgan.
Yevropa geofanlar ittifoqi “The Cryosphere” jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, sayyora sanoatdan oldingi darajaga nisbatan Selsiy bo‘yicha ikki darajadan kamroq isisa ham 2050 yilga borib muzliklar hajmining yarmini yo‘qotadi. Italiyalik tadqiqotchilar sentyabr oyida Dolomitlardagi Marmolada muzligi o‘rtacha haroratning ko‘tarilishi oqibatida 2040 yilga borib butunlay erishi mumkin.
LiveBarchasi