Qirg‘iziston va Tojikiston chegarani belgilashni yakunladi
Olam
−
04 dekabr
1125Tojikiston va Qirg‘iziston hukumati delegatsiyalari to‘liq holda Tojikiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining qolgan hududlarini aniqlashni yakunladi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, “Xovar” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 4 dekabr kuni Qirg‘izistonning Botken shahrida o‘tgan Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha delegatsiyalar rahbarlari – Saymo‘min Yatimov va Qamchibek Tashiyevning uchrashuvida ishchi guruhlarga yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga kirishish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Tomonlar muzokaralar tafsilotlarini oshkor etmagan.
“Tojikiston bilan chegara masalasi hal bo‘ldi. Endi u parlamentda ratifikatsiya qilinadi va hurmatli Prezidentlarimiz imzo chekishadi. Bir necha oy ichida chegara masalasini yakunlaymiz. Komissiya a’zolariga katta minnatdorlik bildiraman, ayniqsa janob Yatimovga”, dedi Qamchibek Tashiyev muzokaralar yakunida.
Og‘ir muzokaralar tarixi
Mazkur voqea ikki qo‘shni respublika fuqarolari tomonidan 20 yildan ortiq muddat davomida kutilgandi. Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi umumiy chegarani belgilash bo‘yicha muzokaralar 2002 yilda boshlangan. 2022 yilgacha ular muntazam tarzda o‘tkazilmagan va katta tanaffuslar bilan davom etgan. Chegaraning umumiy uzunligi 972 kilometrni tashkil qilsa, 2022 yilga kelib shundan atigi 50 foizdan sal ko‘prog‘i aniqlangan.
Ko‘p sonli nizoli hududlar sabab Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida suv, yer, yo‘llar va yaylovlardan foydalanish masalalarida mahalliy aholi o‘rtasida tez-tez mojaro kelib chiqqan. Keyingi yillarda bunday mojarolarda harbiylar ham ishtirok etgan.
2021 yilning aprel-may oylarida va 2022 yilning sentabrida ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirokida chegarada keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvlar yuz bergan. Bu to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. 2021 yilning may oyida Qirg‘iziston tomonidan qabul qilingan qaror bilan chegaralar yopilgan.
So‘nggi yirik mojaro tomonlarni muzokaralarni faollashtirishga majbur qilgan. 2022 yil kuzidan to hozirgi kungacha ikki davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan o‘nlab uchrashuvlar o‘tkazilgan. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, ishchi guruh yig‘ilishlari navbatma-navbat Tojikiston va Qirg‘izistonda o‘tkazilgan, ammo muzokaralar tafsilotlari oshkor qilinmagan.
Joriy yilning avgust oyi boshida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi masalasida “bir nechta yechilishi kerak bo‘lgan nuqtalar qolgani” va ular 2-3 oy ichida hal qilinishini aytgan.
Shundan so‘ng, oktyabr oyida Qamchibek Tashiyev delimitatsiya jarayonining tez orada yakunlanishini e’lon qildi va oxir-oqibat bu jarayon yakunlandi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr