Tojik-qirg‘iz mojarosi: chegarada yana otishma boshlandimi?

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 1 may kuni Qirg‘iziston chegara xizmati Tojikiston tomonidan qirg‘iz xalqining turar-joylariga o‘t ochilgani haqida xabar tarqatdi. "Asia-plus" nashriga ko‘ra, Tojikistonlik chegarachilar va mamlakatning chegaraoldi viloyatlari aholisi esa bu ma’lumotlarni rad etmoqda.  

"Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati tarqatgan ma’lumotlar haqiqiy emas. Tojikiston na mahalliy aholiga va na ularning uylariga qarata o‘t ochdi. Biz erishilgan kelishuvga sodiqmiz", deya xabar bergan Tojikiston Hukumatidagi manba. 

Chegaradagi Chorkuh, Xo‘jayi-A’lo, Ovchi-Qal’acha va Arka tumanlari aholisi ham chegarada o‘q otish kuzatilmaganini "Aziya-Plyus"ga ma’lum qilgan. 

"Ertalabdan beri biz o‘q ovozlarini eshitmadik. Hozircha vaziyat barqaror, ammo Qirg‘iziston tomonidan qo‘shimcha harbiy texnika kelmoqda", degan Xo‘jayi-A’lo qishlog‘i fuqarosi. 

Biroq, Chorkuh jamoatining Somoniyon qishlog‘ida otishma eshitilgan. Kim otayotganini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. 

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati Tojikiston harbiy xizmatchilari Botken viloyatining Laylak tumani Arka hududida turar joy binolari va Qirg‘iziston fuqarolariga qarata o‘q uzganliklarini ma’lum qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa ikki davlat chegarasidagi qishloqlarda uylar yonayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda. Ammo voqea aynan qayerda bo‘lgani noma’lum.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, chegaraning qirg‘iz-tojik qismidagi mojaro natijasida evakuatsiya qilingan odamlar soni 27 358 kishini tashkil etadi. 

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, chegara mojarosi paytida 163 qirg‘izistonlik jarohatlangan, 31 kishi vafot etgan.

Tojikiston tomoni qurbonlar va o‘lganlar haqida rasmiy ma’lumotlarni hozircha taqdim etmagan. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, taxminan 100 kishi jarohat olgan, 8-10 kishi vafot etgan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro

Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.

Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi

Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

Shundan so‘ng, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasi bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida Japarov va Rahmon may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi.

O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi inqirozli vaziyatni hal qilishda vositachilik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Qirg'iziston

Baholaganlar

176

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing