“Tolibon” va Kobul vakillari Tehronda uchrashdi. Tomonlar nimaga kelishdi?

Olam

image_2021-07-08_20-24-31

Avvalroq Eron poytaxti Tehronda Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati vakillari o‘rtasida muzokaralar boshlangani haqida xabar bergandik. Tehronda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik muzokaralardan so‘ng, tomonlar mamlakatdagi inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilish ustida ishlashga kelishib oldi. Bu haqda “Anadolu” yozmoqda.

Xabarga ko‘ra, muzokara qatnashchilari Afg‘onistondagi vaziyatni qurolli qarama-qarshiliklar yo‘li bilan hal qilishni istisno qilgan.

Qo‘shma bayonotda Eronning Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari, ezgu niyatlari va mehmondo‘stligi yuqori baholangan. Tomonlar qisqa vaqt ichida yana bir uchrashuv o‘tkazishga va urushdan tinchlikka o‘tish mexanizmini muhokama qilishga qaror qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi bir necha oy davomida Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. “Tolibon” harakati mamlakatning 85 foizini o‘z nazoratiga olganini da’vo qilgandi. Ayni vaqtda Afg‘oniston rasmiylari ushbu ma’lumotni rad etgan. Qayd etish kerakki, Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 11 sentyabriga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi qo‘shni davlatlarni ham xavotirga solmoqda. Jumladan Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va ayniqsa Tojikiston Afg‘onistondagi keskinlikdan bezovta. Tojikistonga Afg‘oniston hududidan nafaqat harbiylar, balki tinch aholining ham qochib o‘tish holatlari kuzatildi

Ma’lumot o‘rnida, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Eron Kobul Tehron “Tolibon”

Baholaganlar

463

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing