Bolalar, ayollar va qariyalar. Mingdan ortiq afg‘onistonlik Tojikistonga qochib o‘tdi
Olam
−
07 iyul 2021
16348Mingdan ortiq afg‘onistonliklar mamlakatning Badaxshon viloyatidan Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatiga (TBAV) qochib o‘tdi. Ular hozir xavfsiz hududga joylashtirilgan. Bu haqda mahalliy OAV yozmoqda.
TBAV rahbari matbuot kotibi G‘olib Niyatbekovning aytishicha, qochqinlarning asosiy qismini ayollar, bolalar va qariyalar tashkil etadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan qochqinlarning qayerdaligi to‘g‘rsida aniq ma’lumot berilmagan.
Qayd etilishicha, nodavlat tashkilotlar afg‘on qochqinlarini qabul qilgani uchun Tojikiston hukumatiga minnatdorlik bildirmoqda.
TBAV matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari Yodgor Fayzovning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarining Tojikistondagi vakolatxonasi, BMT Xavfsizlik byurosi, BMTning Tojikistondagi doimiy koordinatori ofisi va Og‘axon xizmati vakillari bilan uchrashuv paytida Tojikiston hukumatiga minnatdorlik bildirilgan.
“Uchrashuv davomida mintaqadagi keskin vaziyat, ayniqsa, iqtisodiy va xavfsizlik muammolari hamda COVID-19 ning ikkinchi to‘lqini paydo bo‘lishi sharoitida Afg‘onistondan qochqinlarni qabul qilish Tojikistonning insoniyat oldidagi yuksak javobgarligi to‘g‘risida so‘zlaydi”, deyiladi xabarda.
Viloyat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, hokimlik barcha davlat idoralari, rivojlanish bo‘yicha sheriklar hamda aholi bilan qochqinlarni imkon boricha oziq-ovqat, uy-joy va tibbiy xizmati bilan ta’minlash bo‘yicha ish olib bormoqda.
Uchrashuv davomida xalqaro tashkilotlar vakillari “ushbu ezgu ishda Tojikistonni qo‘llab-quvvatlashlarini“ ta’kidlagan.
Qochqinlar aynan qachon chegarani kesib o‘tgani haqida xabar berilmagan, ammo bu katta ehtimol bilan 4-5 iyul kunlari, Afg‘onistonning Badaxshon viloyati tarkibidagi 6 tuman “Tolibon” nazoratiga o‘tgach sodir bo‘lgan.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan afg‘on qochqinlarining aniq soni hali e’lon qilinmadi. Bungacha faqat harbiy qochqinlar haqida ma’lumot berilgan edi. Qayd etish kerakki, joriy yilning 5 iyul kuni mingdan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi. Bunday voqea avval ham yuz bergan bo‘lib, unda 130 dan ortiq afg‘on harbiylari Tojikistonga qochgan edi.
TBAV rahbari Yodgor Fayzov og‘ir kunda “qo‘shni Afg‘oniston Respublikasini” qo‘llab-quvvatlash haqida gapirgan.
“Albatta, agar ularga kerak bo‘lsa. Ya’ni, har qanday holatda, qiyin paytlarda siz qo‘shningizni qo‘llab-quvvatlashingiz kerak. Fuqarolar urushi paytida bu odamlar bizning qochqinlarni qabul qildilar va bugun biz ularga yordam beramiz”, deydi u.
Shu bilan birga, u viloyat 10 minggacha afg‘on qochqinlarini qabul qilish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, “Bloomberg” nashri AQSH Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan amerikaliklarga yordam bergan 9 ming afg‘onistonlikka vaqtincha boshpana berishni so‘rayotgani haqida yozgandi.
LiveBarchasi