“Tolibon” Afg‘onistonning qancha qismini egallab olganini ma’lum qildi

Olam

image

“Tolibon” vakili Zabiulla Mujohid “Tolibon” harakati Afg‘onistonning turli viloyatlarida jami 169 ta tumanni egallab olganini ta’kidladi. O‘z navbatida, afg‘onistonlik general ushbu ma’lumotni rad etdi. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.

Xabarga ko‘ra, so‘nggi ikki oy ichida toliblar Afg‘onistonning qariyb 400 ta tumanidan 167 tasini egallab olgan. Kecha, 7 iyul kuni ular Hirot va Zobul viloyatlarining yana ikki tumanini o‘z nazoratiga olgan.

“Bizning mujohidlarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan tumanlarning umumiy soni 169 ga yetdi”, deydi “Tolibon” vakili.

Shunday qilib, toliblar mamlakatning 85 foizi ustidan nazorat o‘rnatganini da’vo qilmoqda. O‘z navbatida, Afg‘oniston Mudofaa vazirligining sobiq vakili, general Davlat Vaziri bu bayonotni rad etgan.

“Toliblarning da’vosi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ilgari harakat vakillari shu kabi asossiz ravishda hududlarning 60 yoki 70 foizidan ko‘prog‘ini nazorat qilishlarini aytgandi”, deydi Davlat Vaziri.

Bundan tashqari, xavfsizlik va mudofaa sohasi vakili general Ajmal Shinfarining aytishicha, hududlar jangarilarning qo‘liga o‘tmagan, xavfsizlik kuchlari esa tuman uchun bo‘ladigan janglarga qayta to‘planish maqsadida taktik chekinishni amalga oshirgan. Unga ko‘ra, yaqinda Afg‘oniston harbiylari 14 tumanni qaytarib olgan.

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 11 sentyabriga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan. 

Qayd etish kerakki, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishini Vashingtonning “missiya muvaffaqiyatsizligini” tan olishi, deb hisoblashini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh NATO Vashington “Tolibon”

Baholaganlar

390

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing